Oʻzbekiston – Gruziya: iqtisodiy masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Badriddin Obidov Gruziya Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Aleksandr Xvtisiashvili bilan uchrashdi.
Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR markazi xabar beradi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston bilan Gruziya tashqi siyosiy idoralari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 11-raundi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda turizm sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazilgan.
Unda tomonlar 2018 yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmining oʻsmaganligi, xususan, paxta tolasini yetkazib berish hajmining kamayishi hisobiga eksportning pasayishi kuzatilganini qayd etgan.
“Hozirgi vaqtda Gruziyada transport infratuzilmasi, xususan, aeroportlar, yoʻllarni qurish va qayta taʼmirlash boʻyicha ishlar jadallik bilan kechmoqda. Birinchi chuqur suv portini qurish loyihasi bugungi kunda qoʻshni mamlakatlarga yuk tushirish va toʻxtab turishga imkon beradigan katta kemalarga yoʻl ochadi“, degan Aleksandr Xvtisiashvili uchrashuvda. Uning soʻzlariga koʻra, asosiy port Yevropa va Osiyo mamlakatlariga yuklarni tashish uchun keng tranzit imkoniyatlarini yaratadi.
Bundan tashqari, uchrashuvda Gruziya tomoni mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanini bildirgan.
Muzokaralarda Gruziya Oʻzbekistonda vinochilik, paxtachilik, bogʻdorchilik kabi yangi loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chorlangan.
Tomonlar kun tartibidagi masalalar yuzasidan, xususan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi, turizm, gidroenergetika, transport, yengil sanoat va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan holda, ikki mamlakatning toʻqimachilik va tikuvchilik korxonalari ishtirokida biznes-forum tashkil etishni taklif etgan, shuningdek, joriy yilning oktyabr oyida Tbilisidagi Buyuk ipak yoʻli forumida oʻzbek vakillarining ishtirokini taʼminlashga kelishib olgan.

 

OʻzA