Oʻzbek olimi 51 yillik ilmiy faoliyatidan soʻng fan doktori boʻldi

Tilov Muhiddinov 1968-yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Olim 79 yoshida fan doktori boʻldi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmatidan xabar berishlaricha, dastlab katta laborant, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim lavozimlarida ishlagan olim 1997-yil biologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun “Gʻoʻzada kleystogam gul bilan xoʻjalik belgilarining oʻzgaruvchanlik va irsiyat asosida bogʻlanishi” mavzusi yuzasidan dissertatsiya ishini himoya qilgan. Yirik olimlar, jumladan, MDU professori S.Gostimskiy uning ishiga yuqori baho berib, gʻoʻza genetikasida yangi muhim yoʻnalish hisoblangan gul xillarini oʻrganishda, fundamental va amaliy tadqiqotlarga asos boʻlib xizmat qiladi, deya xulosa bergan. Akademik J.Musayev, A.Abdullayev, A.Abdukarimov, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi G.Grigorevlar tomonidan soʻnggi 35 yil ichida qilingan eng yuqori saviyadagi jahon ahamiyatiga molik ish deb eʼtirof etilgan.
Tilov Muhiddinov uzoq yillik izlanishlari natijasida 2018 yilda “Gʻoʻzada xazmogam va kleystogam gullash belgilarini tadqiq etish asosida intensiv xususiyatli navlar yaratish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Tadqiqot davomida olib borilgan izlanishlar samarasida bir qator oʻta tezpishar, serhosil va qisqa vaqt ichida hosili terib olinadigan yuqori sifatli navlar yaratildi.

 

N.Toshpoʻlatova, OʻzA