O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2017-2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin:

2017-2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq;

2018-2021-yillarda Dasturni amalga oshirish moliyaviy xarajatlarining hisob-kitob hajmlari parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2018-2021-yillarda ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash dasturi 3-ilovaga muvofiq.

2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli idoralar o‘zlarining tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda har yili 1-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda:

a) tasarrufidagi har bir ilmiy-tadqiqot muassasasining kelgusi kalendar yilida rekonstruksiya qilinishi yoki kapital ta’mirlanishi lozim bo‘lgan bino va xonalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash bo‘yicha texnik vazifalarni;

kelgusi kalendar yilida jihozlanishi lozim bo‘lgan tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini jihozlash uchun ularning ilmiy va laboratoriya uskunalariga bo‘lgan ehtiyojini asoslagan holda tasniflagichlar ishlab chiqilishini ta’minlasin;

b) texnik vazifalar va tasniflagichlar asosida ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va xonalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, shuningdek, ularni zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha buyurtmanomalarni shakllantirsin hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga taqdim etsin.

3. Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi (A.N.Aripov):

a) ilmiy-tadqiqot muassasalarining asoslangan buyurtmanomalari asosida ishlab chiqilgan Fan va texnologiyalar agentligining takliflari bo‘yicha moliyaviy xarajatlarning umumiy tasdiqlangan parametrlari doirasida har yili:

ilmiy-tadqiqot muassasalarini ta’mirlash-qayta tiklash ishlarining manzilli ro‘yxatlarini;

har bir ilmiy-tadqiqot muassasasining moddiy-texnika ta’minotini hisobga olgan holda, ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy ilmiy va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, butlovchi qismlar, zarur materiallar va reaktivlar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatlarni tasdiqlasin;

b) Dastur bajarilishining tizimli monitoringini olib borsin va har yarim yil hamda yil yakunlari bo‘yicha uning bajarilishi natijalarini Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqish uchun kiritsin.

4. Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining binolari va korpuslarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim va tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda idoraviy mansubligi bo‘yicha tegishli tashkilotlarning o‘z mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalarining binolari va korpuslarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, ilmiy-tadqiqot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda tegishli tashkilotlarning o‘z mablag‘lari;

ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy laboratoriyalarini zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan uzluksiz ta’minlash, yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish uchun – Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi huzuridagi Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlarning kredit va grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalarini ofis va laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari ob’ektlarini sotishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlarning kredit va grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ilmiy-tadqiqot muassasalarini ofis va laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun – tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi boshqa muassasalarining o‘z mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor-mamlakatlar grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari ob’ektlarini sotishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha ularni ofis hamda laboratoriya mebeli bilan jihozlash uchun tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarida qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilgandan so‘ng ajratiladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2018 yil va kelgusi yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining asoslangan takliflari bo‘yicha, tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Dasturda ko‘zda tutilgan ob’ektlarni rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash uchun kapital mablag‘lar limitlarini nazarda tutsin.

6. Dasturda ko‘zda tutilgan ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda kapital ta’mirlash doirasida:

“Inkom kapital qurilish” injiniring kompaniyasi – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ob’ektlari bo‘yicha buyurtmachi;

“Suvqurilishinvest” DUK – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi ob’ektlari bo‘yicha buyurtmachi;

Toshkent shahar xokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi ob’ektlari bo‘yicha buyurtmachi;

“O‘rmonloyiha” DUK – O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ob’ektlari bo‘yicha buyurtmachi;

tanlov savdolari natijalari bo‘yicha tashkilotlar – bosh loyihachi va pudratchi etib belgilansin.

7. Buyurtmachilar loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartib va muddatlarda ishlab chiqilishini, vakolatli davlat ekspertiza organlarida ko‘rib chiqilishi va kelishib olinishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Dasturni amalga oshirish doirasida bajariladigan qurilish-montaj ishlari sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

8. Dasturni amalga oshirishda shaxsiy javobgarlik:

tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va xonalarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash hamda ularni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, butlovchi qismlar, zarur materiallar va reaktivlar bilan ta’minlash bo‘yicha barcha ishlarning sifatli va o‘z muddatida bajarilishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.J.Ramatov zimmasiga;

nazarda tutilgan barcha tadbirlarning, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli bino va xonalarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularni zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, butlovchi qismlar, zarur materiallar va reaktivlar bilan ta’minlash ishlarining o‘z muddatida va to‘liq hajmda moliyalashtirilishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri B.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

9. Fan va texnologiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, tasarrufida ilmiy-tadqiqot muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasiga Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining aniq muammolarini hal qilish, raqobatbardosh, ilmiy hajmdor mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan, quyidagilarni nazarda tutuvchi 2018-2022-yillarda Davlat kompleks maqsadli ilmiy-tadqiqot dasturlari konsepsiyasini kiritsin:

fundamental, amaliy ilmiy tadqiqotlar va innovatsiya ishlanmalarini – O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligiga davlat ilmiy-texnika dasturlarini moliyalashtirish uchun byudjetdan har yili ajratiladigan mablag‘lar, manfaatdor xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar mablag‘lari, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va donor-mamlakatlar grantlari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirish;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish, tajriba-tadqiqot ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shuningdek, ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini amaliyotga joriy etishdan manfaatdorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari.

10. Belgilab qo‘yilsinki:

davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlariga (ilmiy xodimlardan tashqari) byudjet tashkilotlari xodimlari uchun belgilangan moddiy rag‘batlantirish shartlari joriy etiladi;

2018-yilning 1-yanvaridan boshlab vazirlik va idoralarning gumanitar va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning ayrim toifadagi xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi;

bazaviy moliyalashtirish sub’ektlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan takliflariga binoan Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

11. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlik va idoralar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017 yil 1 noyabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
«Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada
mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga
Sh A R H

Mamlakatimiz rahbarining akademiklar va ilm-fan ziyolilari bilan 2016-yilning dekabrida o‘tkazgan uchrashuvi, shuningdek, 2017-yil 17-fevralda «Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2789-sonli qarorining qabul qilinishi respublikada ilmiy-texnik faoliyatni rivojlantirishda keng ko‘lamdagi tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan 35 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 8 ta qarori qabul qilindi. Fanlar akademiyasi tarkibidagi 9 ta ilmiy-tadqiqot instituti qayta tiklandi, qator ilmiy muassasalar qayta tuzildi, Fanlar akademiyasining fan yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta bo‘limi va Navoiy bo‘limi tashkil etildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi, Fan va texnologiyalar bo‘yicha davlat komissiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, Ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi faoliyati tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining yangi haqiqiy a’zolari (akademiklari)ning saylovi bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy laboratoriya va kafedralari, ilmiy kengashlari, vazirlik va idoralar, turli darajadagi ekspert va ilmiy-texnika kengashlaridan iborat ko‘p tarmoqli ilmiy-tashkiliy infratuzilma faoliyat olib bormoqda.

Bu ishlarning barchasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining amaldagi ijrosini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unda ta’lim va ilm-fan sohasini rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari sifatida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etish belgilangan.

Shu bilan bir qatorda, sir emaski, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy-texnik salohiyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi, moddiy-texnika, laboratoriya va tajriba bazasining hozirgi holati mamlakatimizning yuqori sur’atlardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasiga javob bermaydi. Vatanimiz ilm-fani raqobatbardosh­ligini oshirish va uni dunyoning eng rivojlangan davlatlari ilm-fani darajasiga mosligini ta’minlash masalalari keskinligini saqlab qolmoqda. Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan ayrim muammolar o‘z yechimini kutmoqda.

Ushbu sohada to‘planib qolgan muammolarni hal qilish, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika va laboratoriya-tajriba bazasini mustahkamlash, innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan fan va innovatsiya sohasida 6 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 40 dan ziyod tadbirlarni o‘z ichiga olgan 2017-2021 yillarda respublikamizda ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Iqtidorli yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida, doktoranturada o‘qish uchun maqsadli kvotalarni ajratish amaliyotini joriy qilish choralari nazarda tutilgan, hamda ilmiy kadrlarning akademik mobilligini oshirish va ularning ilmiy yutuqlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish belgilangan.

Shuningdek, ilmiy faoliyat hamda ta’lim jarayoni integratsiyalashuvini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha maqsadli choralarni amalga oshirish, bunda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodim va mutaxassislarini oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga keng jalb qilish, magistrlik dissertatsiyalarining dastlabki himoyasini amaliyot o‘talgan muassasalarda o‘tkazish tartibini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Amaliy choralarning yana bir muhim yo‘nalishi, respublika ilmiy muassasalarida olib borilayotgan tadqiqotlar saviyasini yuksaltirishga, ularni xalqaro talablarga ko‘ra ilmiy xalqaro bazalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida mavjud hamda yangi tuzilayotgan ilmiy laboratoriyalar ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari tomonidan ilmiy va laboratoriya uskunalaridan birgalikda foydalanish mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Litsenzion kelishuvlar bo‘yicha ilmiy va innovatsion ishlanmalarning tijoratlashuv jarayonlarini faollashtirish maqsadida, ilmiy va innovatsion faoliyatning me’yoriy-huquqiy asoslari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining patent-litsenzion faoliyatini takomillashtirish, intellektual mulk ob’ektlariga mualliflik qilishning ta’sirchan tizimini yaratish choralari belgilangan.

Qarorga muvofiq 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab gumanitar va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega ilmiy-tadqiqot muassasalarining bino va inshootlarini saqlash, shuningdek, ularning ayrim toifadagi xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bazaviy moliyalashtirish asosida amalga oshiriladi.

Mazkur qaror bilan rejalashtirilgan tadbirlar doirasida 30 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalarida ta’mirlash-qayta tiklash ishlari, 40 ta ilmiy-tadqiqot muassasasini zamonaviy ilmiy laboratoriyalar, asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bunda, laboratoriyalarni sarflanuvchi materiallar va reaktivlar bilan uzluksiz ta’minlashga sarflanadigan xarajatlar alohida nazarda tutilgan.

Umumiy qiymatda, 2018-2021-yillarda Fanlar akademiyasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy-tadqiqot muassasalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 116 milliard so‘mdan ziyod, zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash uchun 32,2 million AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz ilm-fani va iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish yo‘lidagi tizimli qadamlarning mantiqiy davomi bo‘lib, 2017-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivoj­lantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muvaffaqiyatli ijrosiga xizmat qiladi.

Mazkur dasturiy hujjatning amalga oshirilishi ilmiy-tadqiqot muassasalari imkoniyatlarini salmoqli darajada kengaytirish, ular bajarayotgan tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar darajasi va sifatini oshirish imkonini beradi, va pirovard natijada, mamlakatimiz ilmiy-texnologik salohiyatini yanada mustahkamlaydi.