2-ilova

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3176-son Qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosi yuzasidan 2019 yilda 20 ta badiiy, 50 qismli hujjatli, 30 ta multiplikatsion, 10 soatli qisqa metrajli va yumoristik kinojurnal ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Ushbu reja boʻyicha Agentlik iqtisodiyot, siyosat, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim hamda ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, shuningdek, aholining real ehtiyojidan kelib chiqqan holda davlat ijtimoiy granti asosida milliy filmlar ishlab chiqarish uchun

ijodiy tanlov eʼlon qiladi!

IJODIY TANLOV TARTIBI

Kinoloyihalarning mavzusi “Oʻzbekkino” Milliy agentligining 2019 yil ish rejasi uchun eʼlon qilgan ustuvor mavzularga mos kelishi shart.

Mazkur tanlovda ishtirok etishni xohlovchi talabgorlar tanlov komissiyasi yigʻilishida kinoloyihani taqdimot shaklida himoya qilishadi.

Taqdimotda quyidagi hujjatlar talab qilinadi

3.3.1. Toʻliq metrajli badiiy filmlar uchun:

belgilangan shakl boʻyicha Tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

adabiy ssenariyning bosma varianti hamda elektron varianti;

film annotatsiyasining bosma hamda elektron varianti;

film ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mablagʻning dastlabki hisob-kitobi;

filmni ishlab chiqarish boʻyicha dastlabki kalendar-sahnalashtirish rejasi;

suratga olish uchun rejalashtirilgan joylar va obyektlar (lokatsiya);

film dekoratsiyasi va liboslari eskizlari;

kinoloyihaning PowerPoint dasturida tayyorlangan taqdimoti (DVD diskda).

Taqdimotda quyidagilar aks ettirilgan boʻlishi talab etiladi:

filmning konseptual gʻoyasini tasviriy ifoda etuvchi poster;

tanlangan ijodiy-texnik guruh tarkibi va ular haqida qisqacha maʼlumot;

filmning asosiy personajlari rollari uchun taxminiy moʻljaldagi aktyorlar va ular haqida qisqacha maʼlumot;

kinoloyihaning texnik-iqtisodiy asoslari.

Kinoloyiha ijodkorlari tomonidan qoʻshimcha maʼlumotlar (sinopsis, fotoalbom, filmning tijorat samaradorligi, xalqaro doiradagi takliflar va h.k.) taqdim etilishiga ijozat beriladi.

2. Qisqa metrajli badiiy filmlar uchun:

belgilangan shakl boʻyicha Tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

adabiy ssenariyning bosma varianti hamda elektron varianti;

film annotatsiyasining bosma hamda elektron varianti;

film ishlab chiqarish uchun sarf-xarajatlarning taxminiy kalkulyatsiyasi;

suratga olish uchun rejalashtirilgan joylar va obyektlar;

kinoloyihaning PowerPoint dasturida tayyorlangan taqdimoti (DVD diskda).

Taqdimotda quyidagilar aks ettirilgan boʻlishi shart:

film gʻoyasini tasviriy ifoda etuvchi poster;

tanlangan ijodiy-texnik guruh tarkibi va ular haqida qisqacha maʼlumot;

filmning asosiy personajlari rollari uchun moʻljaldagi aktyorlar va ular haqida qisqacha maʼlumot;

film dekoratsiyasi va liboslarining eskizlari (zarurat boʻlganda);

kinoloyihaning texnik-iqtisodiy asoslari.

3. Hujjatli filmlar uchun:

belgilangan shakl boʻyicha Tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

adabiy ssenariyning bosma varianti hamda elektron varianti;

film annotatsiyasining bosma hamda elektron varianti;

tanlangan ijodiy-texnik guruh tarkibi va ular haqida qisqacha maʼlumot;

film dekoratsiyasi va liboslari eskizlari (zarurat boʻlganda);

kinoloyihaning texnik-iqtisodiy asoslari.

4. Animatsion (multiplikatsion) filmlar uchun:

belgilangan shakl boʻyicha Tanlovda ishtirok etish uchun ariza;

adabiy ssenariyning bosma varianti hamda elektron varianti;

tanlangan ijodiy-texnik guruh tarkibi va ular haqida qisqacha maʼlumot;

multfilm asosiy personajlarining eskizlari;

kinoloyihaning texnik-iqtisodiy asoslari.

Taqdim etilgan kinoloyihalar Agentlik Badiiy kengashi nizomi talablari asosida koʻrib chiqiladi va kengash yigʻilishlarida taqdimot tarzida oʻtkaziladi.

3. Ariza beruvchilar film ishlab chiqarishni zimmasiga olgan yuridik shaxslar faoliyatiga oid quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:

Oxirgi hisobot sanasi uchun buxgalteriya balansining tasdiqlangan nusxasi;

hisobot davri uchun moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;

soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan qarzdorligi mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma;

homiylar va investorlar (sarmoyador) bilan tuzilgan shartnoma nusxasi yoki investorning kafolat xati (ariza beruvchilar tomonidan qisman moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha);

ariza beruvchilarining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat (vakil ishtirok etgan holatlarda).

Ariza beruvchilar tanlovda ishtirok etish uchun taqdim qilinadigan materiallarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mulkiy huquqlarga ega boʻlishlari shart.

Materiallar davlat tilida, oʻzbek tili imlo qoidalariga amalga qilgan holda tayyorlanadi.

Adabiy ssenariy A4 formatdagi, varaqning bir tarafiga yozilgan qogʻozda taqdim qilinadi. Matn yozishda qoida tariqasida, Microsoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalaniladi:

varaqning chap xoshiyasi 30 mm, oʻng xoshiyasi 15 mm, yuqori va past xoshiyasi 20 mm;

Times New Roman shrifti va ssenariyning hajmidan kelib chiqib 14, 15 oʻlchamli shrift, qatorlararo interval 0 mm (odinarnыy).

Taqdim qilingan ssenariyning har bir nusxasi tikilgan, varaqlari raqamlangan boʻlishi va muallifning imzosi va ariza beruvchining muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi shart. Elektron koʻrinishdagi adabiy ssenariy raqamli elektron tashuvchi vositalarda taqdim qilinishi mumkin.

Ariza beruvchilar tomonidan materiallar “Oʻzbekkino Milliy agentligi Badiiy kengashiga” belgisi bilan Agentlikka yuboriladi.

Tanlovga yuboriladigan badiiy, badiiy-publitsistik va hujjatli film ssenariylarida quyidagi gʻoyalar ishonarli va yuqori badiiy saviyada aks ettirilishi lozim:

– yurtimizda mustaqillik yillarida qoʻlga kiritilgan yutuqlar, ijtimoiy-maʼrifiy jabhalarda roʻy berayotgan ulugʻvor oʻzgarishlar;

– millatimizga xos ezgu fazilatlar, shuningdek, chuqur tarixiy ildizlarga ega boʻlgan qadriyatlarimiz ulugʻvorligi;

– yoshlarimizning har tomonlama barkamol boʻlib ulgʻayishlari, maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondirishlari, vatanparvarlik va xalqparvarlik tushunchalarini, umumbashariy va milliy qadriyatlar mazmun-mohiyatini teran anglab yetishi uchun xizmat qiladigan ibratli hayotiy saboqlar;

– azaldan xalqimiz uchun muqaddas boʻlmish oilaning hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy boʻgʻini ekanligi;

– oʻzbek xalqiga xos boʻlgan keksalarni eʼzozlash, ularning hurmatini joyiga qoʻyish singari ezgu qadriyatlar, shuningdek nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratli hayoti aks ettirilgan boʻlishi;

– ona Vatan va xalq manfaatini oʻz manfaatidan ustun qoʻygan, adolat va ezgulikni mardona himoya qilayotgan, yovuzlik va xiyonatga murosasiz, eʼtiqodi mustahkam, qatʼiyatli va gʻururi baland zamondoshlar obrazi oʻz ifodasini topishi lozim.

Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, asosiy faoliyat turi kino va audiovizual asarlar yaratishga ixtisoslashgan yuridik subyektlar tanlovda qatnashish huquqiga ega. Jismoniy shaxslarning tanlovda qatnashishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ularning takliflari koʻrib chiqilmaydi.

Tanlov boʻyicha hujjatlar faqat davlat tilida rasmiylashtirilib, 2019 yil 29 mart kuni soat 18-00 gacha qabul qilinadi.

Muvaffaqiyatli taqdimot qilinib, ijobiy baho olgan kinoloyihalar Agentlik Badiiy kengashi qarori bilan film ishlab chiqarishga tushiriladi.

Tanlovga taqdim etilgan ssenariy taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.

Qoʻshimcha maʼlumot uchun telefonlar: 71-277-81-49, 71-277-81-05.

Manzilimiz: Toshkent shahri, Chilonzor koʻchasi 1a. Ind.: 100115.

www.uzbekkino.uz