Filmlar koʻrikdan oʻtkazilib, “ochiq sahna“li kadrlar qirqib tashlanadi

Tojikistonda davlat telekanallari namoyishdan avval barcha filmlar diqqat bilan koʻrikdan oʻtkaziladi va ochiq sahnali kadrlar qirqib tashlanadi. TV rahbariyatining fikricha, bu kabi sahnalar axloqsizlik sanaladi va milliy qadriyatlarga mos kelmaydi.

Tojikiston televideniye va radioeshittirishlar qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Mahmadsharif Bobozodaning aytishicha, davlat telekanallari orqali namoyish etiladigan filmlardagi ochiq sahnalarning taqiqlanishi yot madaniyatni targʻib qilishning oldini olish va milliy qadriyatlarni hurmat qilishga qaratilgan.

Bir yil avval “Tojikfilm” kinostudiyasi mahalliy va xorij filmlaridagi ochiq sahnalar mamlakat hududlaridagi ekranlarda namoyish qilinishidan va mahalliy telekanallarda koʻrsatilishidan avval qirqib tashlanishini taklif qilgan edi.

Kinostudiyadagi manbaning aytishicha, hukumat tomonidan qabul qilingan “Tojikfilm”ning yangi nizomiga kinokartinalarda axloqni muhofaza qilish toʻgʻrisida maxsus punkt kiritilgan. Unga koʻra, endilikda “Tojikfilm” kinostudiyasi nafaqat kinokartinalar yaratadi, balki mamlakatda va xorijda ishlab chiqarilgan filmlardagi ochiq sahnalarni qirqib tashlash bilan ham shugʻullanadi.

“Ishoning, uyatli sahnalarning namoyish etilishi bizning madaniyatimizga mos kelmaydi. Tasavvur qiling, oila davrasida film tomosha qilayapsiz, kutilmaganda ishqiy sahnalar paydo boʻlib qoladi. Qiz ota oldida xijolat boʻladi, ota esa qiz oldida noqulay ahvolga tushib qoladi”, deydi Mahmadsharif Bobozoda.

 

OʻzA