“Opa” badiiy filmi tomoshabinlarga manzur boʻldimi?

“Opa” badiiy filmi tomoshabinlarga manzur boʻldimi?

Xabar berganimizdek, kecha poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasi asosida suratga olingan “Opa” badiiy filmi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Qishloq tasviri bilan boshlangan kadr mahalla fuqarolar yigʻiniga kelgan murojaatchi voqeasidan rivojlanadi.

…Azizjon xotini bilan ajrashmoqchi, Gʻanijon Umarov qishloqda tikuv sexi qurish uchun bankdan katta miqdorda kredit olgan. Unga mahalla fuqarolari yigʻini kafil boʻlgan. Bank xodimi kredit oʻz vaqtida toʻlanmayotgani uchun kafilni siquvga olayapti. Normat aka hali kollejda tahsil oladigan voyaga yetmagan qizini turmushga bermoqchi, Oʻktam bobo esa xorijga ketgan bolalari yoʻliga mahtal boʻlib toʻshakda yotibdi…

Bularning barchasiga mahalla raisi aralashmasa boʻlmaydi. Buning ustiga kuyovi koʻproq pul ishlash maqsadida xorijga ketmoqchi. Qizi Noila esa turmush oʻrtogʻi xorijga ketsa u bilan ajrashmoqchi emish. Bir yoqda mahalladagi fuqarolarning muammolari, bir yoqda qizining bu gapi Yulduz opani yanada irodali va shijoatli boʻlishga undaydi. Ayol boshi bilan hamma ishga oʻzi bosh-qosh. Ertalabdan kechgacha aholi muammolari bilan band.

Boshqa mamlakatlarda takrorlanmaydigan Oʻzbekistondagi mahalla institutining samarali faoliyati ushbu badiiy filmda oʻz aksini topgan. Bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar ham filmda yaqqol namoyon boʻlgan. Erta nikohni oʻz vaqtida bartaraf etish, ajrimlarning oldini olish, tadbirkorlarga keng imkoniyat berish, xorijga ish izlab ketishga chek qoʻyish, toʻy-maʼrakalarda dabdababozlikka yoʻl qoʻymaslik kabi dolzarb masalalar shular jumlasidan.

Azizjonning onasi oʻgʻlini kelinidan qizgʻanib, har kuni janjal koʻtaradi. Oqibatda bir oila buzilish arafasida. Azizjonning volidasi esa oʻgʻliga “onasi oʻpmagan” qizni olib bermoqchi. Bolalar otasiz katta boʻlishi ehtimoli yuqori. Mahalla raisi bu voqeaga tomoshabin boʻlolmaydi. Yulduz opa mahallasida ajrimlar boʻlmasligini istaydi va bu ishga astoydil kirishadi. Hatto oʻz qizini ham bu yoʻldan qaytaradi. Oqibatda ikki oila saqlab qolinadi. Gʻanijon Umarovning tikuv sexi ochilsa 200 ga yaqin hamqishlogʻini ish bilan taʼminlaydi. Ammo qurilish toʻxtab qolgan. U avtomashinalarini sotib bankka kreditini toʻlayapti. Mahalla raisi aralashib yaxshilarni koʻmakka chorlamaganida tadbirkorlikka endi kirib kelayotgan Gʻanijon bankrot boʻlardi. Normat aka doʻsti bilan kelishib qoʻygan, uning oʻgʻliga kollejda oʻqiyotgan qizini uzatmoqchi. Bunga qonuniy chora koʻrilmasa, hali boʻyga yetmagan orzulari osmon qiz turmush tashvishlariga koʻmilib qoladi. Choʻrtkesar mahalla raisi toʻyni ham bir necha yilga ortga surishga erishdi. Oʻktam bobo uch oʻgʻlining yoʻliga koʻz tikib olamdan oʻtdi. Otasini oxirgi manziliga kuzatolmagan oʻgʻil maʼrakani dabdabali tarzda oʻtkazmoqchi. U bir nechta qozonga osh damlab, ming kishini taklif etmoqchi. Maʼrakaga kelgan otasining doʻstlariga toʻn, ayollarga bir kiyimlik atlas bermoqchi. Mahalla raisi bunday isrofgarchilikka ham befarq boʻlolmaydi. Uning keskin qarshilik qilishi sabab “savob talab” oʻgʻil dabdabali maʼrakadan voz kechib, qishloq aholisini ish bilan taʼminlamoqchi boʻlgan Gʻanijon Umarovga yordam qoʻlini choʻzadi. Mahalla raisining sergakligi, har bir fuqaro taqdiriga befarq emasligi natijasida firibgarlik yoʻli bilan qishloqdagi cholu kampirning uyiga ega chiqmoqchi boʻlgan tadbirkorning qingʻir ishi fosh etiladi.

Aholi har ishda mahalla raisi bilan kengashadi. Uni barcha, Yulduz opa, deb eʼzozlaydi, qavatida turib xayrli ishlarga bosh suqadi.

Voqealar boʻrttirilmasdan haqiqiy qishloq hayoti koʻrsatilgani, ssenariy yillar davomida pishitilgani, rejissyorning uzoq yillik tajribasi, aktyorlar mahorati va operator oʻz ishini mukammal bajargani film muvaffaqiyatiga sabab boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, badiiy filmni yetti yoshdan yetmish yoshgacha tomoshabin maroq bilan tomosha qildi.

Toshkent shahar Uchtepa tumani “Sharq yulduzi” mahalla fuqarolar yigʻini raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Feruza Shermatovaning taʼkidlashicha, u uzoq yillardan buyon mahalla tizimida turli lavozimlarda ishlaydi. Odamlar dardu tashvishi bilan yashash qiyin, ammo kimgadir yordaming tegsa bundan ortiq baxt yoʻq. Film qahramoni Yulduz opaning samarali faoliyati, fuqarolarining mehrini qozongani uni yanada ruhlantirgan.

 

Xurshid Qodirov, OʻzA

  22.01.2019, 14:54  |    155 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!