Oʻzbekiston – Germaniya: ilm-fan va taʼlimdagi hamkorlikning yangi bosqichi

Ijtimoiy taraqqiyotning global va ustuvor tamoyillaridan biri – inson faoliyati barcha bosqichlarida, jumladan, fan va taʼlim sohalarida namoyon boʻladigan integratsiya jarayonidir.

Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik koʻp yillik tarixga ega. Xususan, germaniyalik olimlar, ilmiy doira vakillari azaldan yurtimiz tarixi, milliy urf-odat va anʼanalariga katta qiziqish bilan qaragan. Oʻz navbatida, mamlakatimiz keng jamoatchiligi ham Germaniyaning oʻtmishi va zamonaviy rivojlanish yoʻli, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasini oʻrganishga alohida ahamiyat bergan.

Shu oʻrinda “Markaziy Osiyo“ atamasi birinchi marta taniqli nemis olimi Aleksandr fon Gumboldt tomonidan 1843 yili Parijda nashr etilgan uch jildli “Markaziy Osiyo togʻ tizmalarini tadqiq qilish va iqlimlarni taqqoslash“ asarida qoʻllanilganini eslash oʻrinli. Unda olim ichki sugʻorish tizimi va togʻ tizmalarini oʻrganish asosida Markaziy Osiyoni alohida, oʻziga xos mintaqa sifatida tasvirlaydi. Shundan soʻng “Markaziy Osiyo“ tushunchasi bugungi kunga qadar geografik atama sifatida qoʻllanib kelinmoqda.

Hozirgi kunda Germaniya taʼlim va kasbga yoʻnaltirish, ilm va ilmiy tadqiqotlarga keng eʼtibor beradigan davlat sifatida tanilgan. Buni Nobel mukofoti sohiblarining 91 nafari ushbu davlat vakillari ekani ham tasdiqlaydi. Bugungi kunda mamlakatimizning 800 dan ortiq talaba-yoshlari, ilmiy tadqiqotchilari Germaniya oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotganini ham ayni shu bilan izohlash mumkin. Ilgʻor xorij tajribasini oʻrganib, turli sohalardagi zamonaviy texnologiyalarni Oʻzbekistonda joriy etishni maqsad qilgan yoshlar uchun bunday imkoniyatlar mamlakatimiz tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmalarining mamlakatimizdagi vakolatxonalari, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik boʻyicha instituti tashkilotlari tomonidan yaratilmoqda.

Keyingi yillarda taʼlim va ilm-fan sohasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, jumladan, yoshlarning xalqaro meʼyorlar asosida bilim olishi uchun yaratilayotgan qulay sharoit, ilmiy-tadqiqot loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami Germaniyada katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu mamlakatlarimizning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligini yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi oldidan Berlinda Oʻzbekiston – Germaniya madaniy hamkorligi boʻyicha qoʻshma komissiya majlisi boʻlib oʻtdi. Bu ikki davlat oʻrtasida gumanitar sohalardagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Komissiya majlisida mamlakatimizning Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Xalq taʼlimi hamda Madaniyat vazirliklari, shuningdek, Fanlar akademiyasi vakillari, Oʻzbekistonning Germaniya Federativ Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi qatnashdi. Germaniya tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Germaniya akademik almashuv xizmati va Gyote instituti vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda fan va madaniyat, oliy taʼlim, umumtaʼlim va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, nemis va oʻzbek tillarini oʻrganish, ommaviy axborot vositalari va sanʼat sohasidagi hamkorlik, madaniy yodgorliklar va madaniy qadriyatlarni tiklash kabi yoʻnalishlarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Ushbu yoʻnalishlarda hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Germaniyalik hamkorlar Toshkent shahridagi 60-umumtaʼlim maktabiga Gyote, Buxoro shahridagi 4-umumtaʼlim maktabiga Iogann Kristof Fridrix fon Shiller va Samarqand shahridagi 51-umumtaʼlim maktabiga Vilgelm fon Gumboldt nomlari berilganini katta mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Majlis yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston bilan Germaniyaning madaniy, ilmiy-maʼrifiy sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish, barcha darajadagi ishtirokchilarning bevosita uchrashuv va muzokaralariga koʻmaklashish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

 
Sirojiddin Mirzayev,
 
Oʻzbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti.

 

OʻzA

  22.01.2019, 14:48  |    118 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!