Yuz ming soʻmlik banknota chiqarilishining inflyatsiyaga taʼsiri bormi?

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi Muhamet Jumagaldiyev quyidagi fikrlarni bildiradi.
– Maʼlumki, shu yilning 15 yanvar kuni Oliy Majlis Senati 100 ming soʻmlik banknot namunasi va dizaynini maʼqulladi.
Markaziy bank tomonidan 100 ming soʻmlik banknotani muomalaga chiqarishdan maqsad aholiga naqd pul orqali hisob-kitoblarda qulaylik yaratish, saqlash, tashishni osonlashtirish, muomaladagi banknotalar strukturasini optimallashtirishdan iborat.
Yuz ming soʻmlik banknota eskirgan pul birliklarini muomaladan chiqarish hisobiga muomalaga kiritilmoqda. Shuning uchun, bu banknotalarning muomalaga chiqarilishi amaldagi naqd pul massasining oshishiga olib kelmaydi.
Demak, muomaladagi naqd pullar strukturasining oʻzgarishi inflyatsiyaning oshishiga taʼsir qilmaydi. Yana ham soddaroq aytganda, 100 ming soʻmlik pul aholiga qoʻshimcha qulaylik yaratadi va bankomatlar orqali xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshiradi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA