Ronaldu Italiyani ham zabt etishni boshladi

Kecha tunda futbol boʻyicha 2018 yilgi Italiya superkubogi gʻolibi aniqlandi. Uchrashuv Saudiya Arabistonida tashkil etildi. Unda mamlakat chempioni va kubogi sohibi “Yuventus” klubi kubok musobaqalari finalchisi “Milan”ga qarshi maydonga tushdi.
Jidda shahridagi “Qirol Abdulla Sports Siti” stadionida oʻtkazilgan mazkur oʻyin turinliklar yetakchisi Krishtiano Ronaldu faoliyatida yangi sahifa ochdi. Negaki, jahonning besh karra eng yaxshi futbolchisi Apennin yarim orolidagi dastlabki sovrinini qoʻlga kiritdi.
Shu kuni “Milan” hujumchisi Gonsalo Iguain zaxirada qoldirildi. U katta ehtimol bilan qishki transfer mavsumida Italiya A seriyasini Angliya Premyer-ligasiga almashtiradi. Shu sababli Jennaro Gattuzo mavsumning qolgan qismida jamoa argentinalik futbolchisiz qanday harakat qilishini tekshirib koʻrayotgan boʻlsa ajabmas. Darvoqe, superkubok bahsida braziliyalik Lukas Paketa “qizil-qoralar” safidagi ilk uchrashuvini oʻtkazdi.
Oʻyin kutilmaganda “Milan”ning xavfli hujumlari bilan boshlandi. Biroq, vaziyatni tezda oʻnglagan turinliklar asta-sekin tashabbusni qoʻllariga olishdi va oʻyinning borishini nazorat qilishdi. Tarkibdagi bir qator muammolar, qolaversa mahorat bobida ham raqibidan sezilarli darajada ortda qolayotgan “rossonerilar” boshdan baland sakray olishmadi.
Uchrashuvning 61-daqiqasida Miralem Pyanich tomonidan raqib jarima maydoni ichiga oshirib berilgan toʻpni Ronaldu darvozaga joylab qoʻydi. Bu gol oʻyinda yagonaligicha qoldi va portugaliyalik Angliya va Ispaniyadan keyin endi Italiyani ham zabt etishga kirishdi.

 

Otabek Eshmamatov, OʻzA