Ruslanbek Davletov Koreya Respublikasi Adliya vaziri bilan uchrashuv oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Koreya Respublikasi Adliya vaziri Pak Sang Gi bilan uchrashdi.
2E4A0099.JPG
Koreya Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining adliya sohasidagi keng koʻlamli islohotlar jarayonida faoliyati bilan tanishish, tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi.
Tomonlar hamkorlikni yana rivojlantirish, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash, qonun hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertiza qilish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xususan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investitsiya iqlimini yaxshilash, yuridik xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish sohasidagi masalalarni muhokama qildi. 2017 yilning 23 noyabrdagi ikki mamlakat Adliya vazirliklari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumga muvofiq qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi. Bu esa mamlakatimizda ochilgan Janubiy Koreyaning yetakchi yuridik kompaniyalari vakolatxonalari investorlar huquqini har tomonlama himoya qilish, shartnoma-huquqiy baza sifatini oshirishga imkon beradi.
2E4A0096.JPG
Oʻzbekiston Adliya vaziri janubiy koreyalik hamkasblarini mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida, xususan, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qildi. Bu yoʻnalish fuqarolar, tadbirkorlar, xususan, xorijiy investorlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning, ayniqsa davlat hokimiyatining barcha darajasidagi korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarning samarasini oshirish, shuningdek, yuridik yordam va huquqiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgani taʼkidlandi.
Koreya Respublikasi delegatsiyasi inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunchilikni ishlab chiqish sohasida Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorligini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Ochiq va konstruktiv muloqot doirasida Koreya Respublikasi Adliya vaziri Pak Sang Gi mamlakatimiz adliya organlari va muassasalari faoliyatidagi ijobiy oʻzgarishlarni yuqori baholadi va ularni xalqqa yaqinlashish, faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga imkon berishini aytib oʻtdi.
2E4A0103.JPG
Eslatib oʻtamiz: Adliya vaziri boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻtgan yilning 26-30 noyabr kunlari Koreya Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Koreya Respublikasi Adliya vazirligidagi uchrashuvi doirasida hamkasblariga Oʻzbekistonga tashrif buyurishni taklif qilgan edi.
Maʼlumot uchun: Koreya Respublikasi Adliya vazirligi — Adliya vaziri boshchiligida adliya ishlarini nazorat qiluvchi, Vazirlar Mahkamasi darajasidagi vazirlik hisoblanadi. U sud taʼqibi, hukmlarni chiqarish, immigratsiya nazorati va inson huquqlarini himoya qilishga javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Koreya Respublikasi Adliya vazirligi hamkorligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Koreya Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida yuridik materiallarni almashish toʻgʻrisidagi kelishuv (05.10.1999y, Seul shahrida), Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Koreya Respublikasi Hukumat qonunchiligi vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum (29.10.2009 y, Toshkent shahrida), shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Koreya Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum (23.11.2017 y)doirasida amalga oshirilmoqda.

 

OʻzA