Berlin shahrida 15 yanvar kuni “Buyuk ipak yoʻli merosi – Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻprik“ mavzuida xalqaro ilmiy-madaniy forum boshlandi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi oldidan tashkil etildi.

Forum doirasida Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasida “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida“ loyihasining kitob-albomlari koʻrgazmasi ochildi.

Prezidentimiz soʻzboshisi bilan boshlangan “Oʻzbekiston madaniy merosi Germaniya toʻplamlarida“ kitob-albomi taqdimoti barchaning eʼtiborini tortdi. Ushbu nashr zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda tayyorlangan, nafaqat oʻqish, balki smartfon orqali maxsus tayyorlangan videolavhalarni 3 tilda tomosha qilish hamda osori-atiqalarni 3D koʻrinishida oʻrganish imkonini beradigan ilk ilmiy-ommabop kitob sifatida Oʻzbekiston noshirligi tarixidan joy oladi.

Tadbir doirasida Germaniyaning yetakchi olim, ekspert, sanʼatshunoslari Berlin, Drezden, Leypsig va Shtutgart shaharlari muzeylarida saqlanayotgan boy oʻzbek sanʼatiga oid toʻplamlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi. Ular orasida Berlin etnologiya muzeyida saqlanayotgan Buxoro amirligi toʻplami, Gamburgdagi Manzarali-amaliy sanʼat muzeyidagi Bayonqulixon maqbarasi ashyolari, Berlin davlat kutubxonasida saqlanayotgan Alisher Navoiy asarlari qoʻlyozmalari, Bumiller toʻplamiga kiruvchi Oʻzbekiston madaniy-tarixiy merosi namunalari, shuningdek, Shtutgartdagi Linden muzeyining Sharqiy boʻlimida saqlanayotgan noyob toʻplam ham bor.

– Oʻzbekiston madaniy merosining katta qismi ayrim tarixiy sabablarga koʻra xorijga chiqib ketgan. Oʻzbek sanʼatining ajoyib toʻplamlari Berlin, Drezden va Leypsig muzeylarida saqlanmoqda. Masalan, Germaniyaning eng koʻp tashrif buyuriladigan Peram muzeyida Buyuk ipak yoʻli markazida joylashgan qadimgi shahriston – Afrosiyobning butun dunyoga mashhur sopol buyumlari kabi bebaho durdonalar mavjud. Germaniya milliy kutubxonasida jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz qalamiga mansub noyob qoʻlyozma kitoblar saqlanmoqda. Shu sababli nemis hamkasblarimiz bilan imkoniyatlarni birlashtirib, madaniy merosimizning ham Oʻzbekistonda, ham Yevropada oʻrganilishiga yangi surʼat bagʻishlaydigan ushbu kitobni yaratdik, – dedi “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida“ loyihasi muallifi va rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Germaniya muzeylaridagi xalqimiz madaniyati toʻplamlari haqida soʻz yuritganda Sharq Uygʻonish davrida yaratilgan qoʻlyozmalar juda qimmatli ekanini qayd etish joiz.

Berlin davlat kutubxonasining Sharq boʻlimi rahbari, doktor Kristofer Raux ushbu kutubxonada saqlanayotgan kitobat sanʼati durdonalari haqida soʻzlab berdi.

– Bu yerda namoyish etilayotgan qoʻlyozmalarning ayrimlari oʻzbek mumtoz yozuvchilari yashagan va ijod qilgan hududlardan boʻlsa, ayrimlari bevosita Oʻzbekistondan keltirilgan. Masalan, kutubxonamizda XIX asrdan buyon saqlanib kelinayotgan Mirzo Ulugʻbekning astronomik jadvallari. Ularda 38 turkumga kiruvchi 1018 yulduz toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek, yulduz yili uzunligi keltirilgan, – dedi u.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston madaniy merosi rang-barang, turfa, bitmas-tuganmas boylikdir.

– Biz oʻzbek sanʼatiga oid toʻplamimiz bilan faxrlanamiz, – deydi Pergam muzeyi tarkibiga kiruvchi Islom sanʼati markazi direktorining oʻrinbosari doktor Ute Franke. – Toʻplam u qadar katta boʻlmasa ham, tarixiy va badiiy jihatdan biz uchun gʻoyat qadrlidir.

OʻzA