Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti 2018 yil yakunlari va 2019 yildagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazdi.

Parlamentarizm sohasidagi yangi tuzilma hisoblangan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti oʻtgan qisqa davr mobaynida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Oʻtgan yilda institut tomonidan 64 ta qonun loyihasi, Oliy Majlis palatalarining 5 ta qarori loyihasi, 31 ta qonunosti normativ-huquqiy hujjat loyihasi va 185 axborot-tahliliy maʼlumotnoma tayyorlandi.

Institut qisqa vaqt ichida deputatlar va senatorlarning yaqin koʻmakchisiga aylandi. Ularning coʻrovlariga koʻra, 150 dan ziyod axborot-tahliliy material tayyorlab berildi.

Institut Turkiya, Germaniya, Shimoliy Irlandiya va Qirgʻiziston parlamentlarining tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzoladi.

Matbuot anjumanida institut masʼul etib belgilangan “Mening fikrim” veb-portali haqida atroflicha soʻz yuritildi. Oʻtgan davr mobaynida fuqarolardan kelib tushgan 190 dan ziyod elektron jamoaviy murojaat portalga joylashtirilgan. Yetarli ovoz toʻplagan 7 ta jamoaviy murojaatning 4 tasi boʻyicha vakolatli organning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Institut 2019 yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari muhokama etildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA