Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov 15 yanvar kuni Koreya Respublikasi adliya vaziri Pak San boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Bosh prokuror mamlakatimizda Harakatlar strategiyasiga muvofiq sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Mehmonlarga qonunchilik tizimidagi yangiliklar, xususan, bu jarayonda prokuratura organlarining ishtiroki haqida maʼlumot berildi.

Uchrashuvda mamlakatimizda soha uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash jarayoniga koreyalik mutaxassislarni jalb qilish, prokuratura tizimida dasturiy taʼminot va zamonaviy axborot-kommunikatsiyalarini joriy etish masalalari muhokama etildi. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda inson huquqlarini har tomonlama himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha konstruktiv hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi. Iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish, hamkorlikda korrupsiya holatlarini aniqlash va unga qarshi kurashish mavzularida oʻquv treninglar oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Koreya Respublikasi adliya vaziri mamlakatlarimiz adliya va huquq-tartibot organlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda muntazam maslahatlashuvlarni olib borish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Koreya Respublikasi Adliya vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Koreya Respublikasi delegatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Muloqot chogʻida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, qonunchilik tizimini takomillashtirishda hamkorlikni mustahkamlash, investorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan Koreya yuridik kompaniyalari faoliyatini tashkil etishga doir masalalar muhokama etildi.

Bugungi kunda ikki mamlakat adliya vazirliklari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolangan boʻlib, uchrashuvda ushbu hujjat ijrosini samarali taʼminlashga qaratilgan “Yoʻl xaritasi“ ishlab chiqish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Koreya Respublikasida kadrlar malakasini oshirish, seminar-treninglar tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

 

Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA