Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida taʼlim hujjatlarini oʻzaro tan olish boʻyicha bitim imzolanadi

Maʼlumki, hozirda Rossiya Federatsiyasida 25 000 ga yaqin oʻzbek oʻquvchi-yoshlar taʼlim olmoqdalar va har yili ular soni oʻrtacha 7500 ga oshib bormoqda. Ikki davlat yoshlarining mobilligini rivojlantirish, ularga taʼlim olishlari uchun munosib sharoit yaratish, taʼlim hujjatlarini oʻzaro tan olish tizimini yanada soddalashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.Tashkenbayev boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati bilan muzokaralar olib bordi.
photo5326040540220860986.jpg
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, delegatsiya Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Milliy akkreditatsiya agentligi faoliyati bilan yaqindan tanishdi va agentlik tomonidan tashkil etilgan akkreditatsiya ekspertlarining yil yakuniga bagʻishlangan seminarida ishtirok etdi. Muzokaralar chogʻida taʼlim muassasalarini akkreditatsiyasi boʻyicha tajriba almashilib, akkreditatsiya jarayoniga ekspertlarni tanlab olish va jalb etishda Rossiya tajribasidan foydalanish, ikki mamlakat oʻrtasida ekspertlarni oʻzaro almashish orqali akkreditatsiya jarayonlarini birgalikda oʻtkazish hamda qoʻshma akkreditatsiyalangan oliy taʼlim muassasalari filiallari va qoʻshma dasturlarini toʻgʻridan-toʻgʻri tan olish amaliyotini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Shuningdek, Davlat inspeksiyasi delegatsiyasi Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati va Rossiya Federatsiyasi Fan va taʼlim vazirligining mutaxassislari bilan birgalikda “Rossiya Federatsiyasi hukumati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida taʼlim hujjatlarini, malakaviy va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish boʻyicha hukumatlararo Bitim” loyihasini ishlab chiqdi. Ishchi guruh uchrashuvi boʻyicha tegishli bayonnoma rasmiylashtirdi va tayyorlangan Bitim loyihasini diplomatik kanallar orqali har ikkala tomon Hukumatlariga kiritish belgilab olindi.
Shuni taʼkidlash joizki, ushbu hujjatning imzolanishi ikki davlat oʻrtasida taʼlim hujjatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinishi, yoshlarning bilim olishlaridagi byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish (Rossiyada hujjatlarni nostrifikatsiya qilish 45 kungacha vaqtni oladi) va ularning har yili taxminan 800 000 AQSH dollari miqdordagi mablagʻlari tejalishini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati huzuridagi Bosh ekspertiza markaziga tashrif buyurdi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Davlat inspeksiyasi va Bosh ekspertiza markazi oʻrtasida muzokaralar olib borildi va oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Bu esa oʻz navbatida Oʻzbekiston va Rossiya davlatlari oʻrtasida nostrifikatsiya jarayonlarida mavjud elektron maʼlumotlar bazalaridan foydalanish, mutaxassislar malakasini oshirish, seminarlar oʻtkazish va taʼlim hujjatlarini tan olish muddatini 20%ga qisqartish imkonini beradi.
Shuningdek, vakillarimiz Jahon bankining Moskva ofisida Vashington, Toshkent va Moskva oʻrtasida oʻtkazilgan videomuloqotda ishtirok etdi. Yigʻilishda Oʻzbekistonning 2021 yilda PISA xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Rossiya tajribasidan unumli foydalanish va bu jarayonga rossiyalik ekspertlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Jahon bankining mutaxassislari ushbu dasturda ishtirok etishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar. 2019 yil fevral oyida Oʻzbekistondan 30 nafar pedagoglar Moskva shahrida malaka oshirishlari boʻyicha amaliy kelishuvga erishildi.

 

OʻzA