Qadri baland soʻz

Yaxshi gap, muvaffaqiyatga erishish kishiga yoqadi. Kelgusida istiqbolli rejalar tuzishda mayoq vazifasini bajaradi. Bir yil avval… Kun botib, qosh qoraygan.
photo5327943373941746133.jpg
Safardagi yana bir kun nihoyalandi. Tunash uchun boshqa bir manzilga yoʻl oldim. Ertadan-kechgacha tinmay yuraverib, oyoqda oyoq qolmadi. Charchoq alomatlari sezildi shekilli, haydovchi “kliyent” yiqquncha mudroq bosibdi deng. Bir mahal gangir-gungurdan uygʻonib ketdim. Qarasam, yoʻlga tushayapmiz. Hamma oʻrnashib olgan: faqat haydovchi sigaret tutunini bosib-bosib tortmoqda. Yoʻlovchilarni kuttirib qoʻyayotganidan xijolat tortayotgandek goʻyo.
photo5327943373941746134.jpg
Serqatnov koʻchadan bir amallab ortga qayrilib, katta yoʻlga tushdik. Kech kirgan boʻlsa-da, yon-atrof gavjum. Kimdir uyiga, yana kimdir boshqa birovning hojatini chiqarishga shoshilgani-shoshilgan. Roʻparadan kelayotgan mashina chirogʻidan tushayotgan yorugʻlik koʻzni qamashtiradi. Mashinada esa pala-partish hol soʻrashishlar, turfa oldi-qochdi gaplar avjida. Bemajolman: agar kimdir barmogʻi bilan turtib yuborsa, qulaydigan darajada. Lekin… Haydovchining balandlagan ovozidan choʻchib, oʻzimga keldim.
photo5327943373941746136.jpg
Sochi tagi bilan qirdirilgan, oliftanoma kishi menga tikildi. U qoramagʻiz, qotmadan kelgan, oʻrta boʻy, qirq-qirq besh yoshlarda. Yengil ust-bosh kiyib olgan. Har zamonda qoʻli bilan boshini silab qoʻyadi. Buyam yetmagandek baʼzan kiftini uchiradi.
Mashinani tezlatib, gap boshladi.
– Bir kuni (taxminan, bundan uch-toʻrt yil muqaddam) xorijda, ish boshqaruvchilardan ruxsat olib, nufuzli brendga ega xorijdagi doʻkonlardan birini aylandim. Besh dona turli xil koʻrinishli futbolkalarning har birini ellik dollardan qimmatroqqa sotib oldim, – dedi mayin kuy sehriga tebranib ketayotgan haydovchi. – Bir-biridan bejirim, sifatli ishlangan kiyimlarga mahliyo boʻldim. Kvartiraga kelib, haligi futbolkalardan birini ustimga ilib oldim. Ish bilan ovora boʻlib, hech narsani payqamabman. Bir mahal mezbon sherigim futbolkaga qarab, boshmoldogʻini tikka qimirlatib, “zoʻr-ku” degan ishorani berdi. Tasdiq maʼnosida bosh irgʻadim.
photo5327943373941746135.jpg
Ishni tugatib, yotoqqa kirdim. Oynaga boqdim. Juda ham yarashibdi. Yoniga tikilgan yorligʻini izlab topdim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, hayratdan tilim muzladi. Yozuvga qayta-qayta koʻz yugurtiraman: oʻsha-oʻsha. Tezda boshqalarini ham shkafdan oldim-u, boʻshashib devorga suyanib qoldim.
Nahotki… Yarim kun rastama-rasta izlab topganim, koʻpchilikning koʻzini quvnatayotgan kiyimlardagi yorliq yozuvi menga tanish soʻz boʻlsa-ya?! Koʻzlarimga surtdim. Yuragim duk-dukini eshitdim. Yorliqqa labimni bosdim…
Made in Uzbekistan…
Vujudim oralagan qattiq hayajondan koʻzimga yosh keldi… Azizim, uzoq yurtda, musofirchilikda gʻoyatda qadri baland bu soʻzning:
Made in Uzbekistan…
Bu soʻzlaridagi ulugʻvor kayfiyat yoʻlovchilarga ham yuqdi chamamda: hamma jim. Qarama-qarshi kelayotgan mashinalar chirogʻining yorugʻida haydovchining peshonasi, koʻzlari, lablarining yonidagi chuqur chiziqlar yaqqol sezildi. Ajin erta iz solibdi. Uning bolalarcha begʻubor quvonchidan koʻnglimga maʼyuslik indi. Beshafqat hayot tashvishlariga yon bermay kelayotgan kishi qiyofasida sabrning qoyalardan yuksakroq aksini koʻrdim. Aslida-ku, ajib holat. Ammo tutab ketdim. Boisi bitta: uning nafaqat qalbini, balki hayotini ham majruhlagan borliq taomillariga tan bermadim. Shartmidi, yetdim deganda, toʻkilishi?! Toʻgʻrimi, doʻstim, birodarim? Beayb Parvardigor. Shunda sir-sinoatga toʻla olam qonuniyatlari bilan zinhor oʻchakishib boʻlmasligiga yana bir karra amin boʻldim.
photo5327943373941746137.jpg
U pul topamiz, birimiz ikki boʻladi, deb olib ketgan bir emas, ikki nafar ukasini beiz yoʻqotganini oʻksib-oʻksib aytib berdi… Uzr, biroz chalgʻidim. Muddao boʻlakcha edi-a?!
E-eh! Yurakka ogʻriq yoʻllagan kayfiyat bir zumda oʻzgardi: yaxshi tomonga.
– Bizning viloyatimizda, “Momiq sochiq” degan korxona bor. Mahsulotlariga gap yoʻq. Talab katta: ichki bozorda ham talash. Koʻpchilik tanishlarimning aytishicha, eksporti ham ancha ildamlab qolibdi. Chet elnikidan sira ham qolishmaydi. Oʻzim sotib oldim. Sifatini koʻrib, hayratlandim. Qoyil-ye! Balli, balli, – dedi haydovchi Ayyubxon boshini quyi solib. Yana qandaydir muhim gapi boru, aytolmaganday, uzoq taraddudlanib davom etdi. – Ukalarim yonimda boʻlganda, men ham ishlab chiqarish sexini ocharmidim, balki… Hozir ham yaxshi gʻoyam bor. Anchadan buyon oʻylab yuribman. Koʻramiz, omon boʻlsam, shu sexni ishga tushiraman. Hozir ishlaydigan davr.Tinchimaganning tinadigan zamoni keldi-da!
Qarang, qanday sabot, iroda, oʻziga boʻlgan ishonch bor-a?! Bugun ona vatanimizda bu kabi ezgu maqsadlar bilan yashayotgan hamyurtlarimiz ozmunchami?! Ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, yaqindan madad berilsa bas, diyorimiz yanada olamjahon yuksalishlarga yuz tutadi. Bu borada tub islohotlar amalga oshirilayotganining shohidimiz, albatta.
Mashina bekatda toʻxtadi. Qoʻlimga sumkamni olib, hamrohlar bilan xayrlashdim.
Oʻtiraverib diqqinafas boʻlganimdanmi, oʻpkamni toʻldirib, toʻyib-toʻyib nafas oldim. Kechki ovqat mahali uzoq oʻyga choʻmdim. Yaratilayotgan imkoniyatlar xususida chuqur mulohazaga toldim. Insonning bekami-koʻst umr kechirishi uchun bundan ortigʻi boʻlmasa kerag-ov, deb pichirladim oʻzimga oʻzim.
Tungi shaharning yorqin koʻrinishi kishiga zavq bagʻishlaydi. Bolasini ohista yetaklab ketayotgan onaga termilib qolaman. Mana shu baxtiyorlik emasmi? Shukr, deyman ruhim koʻtarilib. Charchoqlarim tarqaydi. Teran fikrlar quyilib keladi. Yangidan-yangi rejalar paydo boʻlaveradi. Maqsad ham aniq.

 

Gʻayrat Shirinov, OʻzA