Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq rassomi Georgiy Brim xotirasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi yetuk sanʼat arboblari, teatrshunoslar, aktyorlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, rassomning shogirdlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda madaniyat va sanʼatni qoʻllab-quvvatlash, milliy madaniy va maʼnaviy merosni saqlash hamda koʻpaytirish, xalqimizni milliy, jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish borasida samarali ishlar qilinayotgani taʼkidlandi. Georgiy Brimning oʻzbek teatr sanʼatida tutgan oʻrni, teatr sanʼati dekoratsiyasini yaratishda qoldirgan yorqin izi haqida soʻz yuritildi.

Georgiy Brim 1935 yil Ozarbayjonda, Kirovka qishlogʻidagi dehqon oilasida tugʻilgan. 1953 yilda Ashxobod badiiy bilim yurtini, 1957 yilda Shota Rustaveli nomidagi Tbilisi teatr-rassomlik bilim yurtini tugatdi. Bilim yurti yoʻllanmasi bilan Mari viloyat teatri bosh rassomi boʻlib ishladi. Taqdir taqozosi bilan Georgiy Brim 1961 yilda Oʻzbekistonga kelib, Toshkent teatr va rassomlik institutiga oʻqishga kiradi. Talabalik yillaridayoq Toshkent, Ashxobod, Mari shaharlari teatrlarida spektakllarni sahnalashtirishda rassom-dekarator sifatida qatnasha boshlaydi. 1967 yilda oʻqishni bitirib Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida rassom, 1969 yildan esa bosh rassom sifatida faoliyat koʻrsatadi.

Georgiy Brim yurtimizning teatr sanʼatiga katta hissa qoʻshgan buyuk rejissyorlar Aleksandr Ginzburg, Toshxoʻja Xoʻjayev, Bahodir Yoʻldoshevlar bilan ijodiy hamkorlikda “Roʻyxatlarda yoʻq”, “Nodirabegim”, “Kelinlar qoʻzgʻaloni”, “Ibn Sino”, “Yulduzli tunlar”,“Maysaraning ishi”, “Ipak yoʻli”, “Iskandar” kabi koʻplab spektakllarni yaratdi.

Georgiy Brim 1999 yil Germaniyaning Landsxut shahrida vafot etgan.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA