Okrugda joylashgan koʻp qavatli 20 ta uy-joy kapital taʼmirdan chiqarilgan

Nukusda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Musa Yerniyazov yigʻilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, Prezidentimiz, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning harbiylarga yoʻllagan bayram tabrigida bildirilgan fikrlarga toʻxtalib oʻtdi.

Taʼkidlanishicha, oʻtgan yilning oʻzida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugda 36 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ hisobidan qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilib, zarur jihozlar bilan taʼminlangan boʻlsa, harbiy-maʼmuriy sektor faoliyatini rivojlantirish maqsadida mahalliy byudjet hisobidan 31 milliard soʻmga yaqin mablagʻlar ajratilgan. Okrugda joylashgan koʻp qavatli 20 ta uy-joy kapital taʼmirdan chiqarilgan, 11 obyektda kapital taʼmir ishlari olib borilgan. Harbiylarning saf tortish maydoni va ichki yoʻllar betonlashtirilgan, harbiylar uchun zamonaviy elektron kutubxona va sport maydonchalari qurilgan. Toza ichimlik suvi tarmoqlari tortilgan. Shuningdek, oʻtgan yili harbiy xizmatchilar uchun shahar va tumanlarda 240 xonadonli 8 ta besh qavatli uy-joy qurilgan.

Bunday ezgu ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, Nukus shahrida yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutadigan harbiy bogʻ yaratiladi va boshqa ishlar amalga oshiriladi.

Tadbirda bayram munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh tinchligimiz posbonlariga ushbu mukofotlar tantanali topshirildi. Nukus shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qoʻyildi.

Tadbir yakunida sanʼatkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Bunday bayram tadbirlari barcha tuman va shaharlarda boʻlib oʻtdi.

31.JPG

32.JPG
20.JPG

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA