Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga keldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga keldi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, tuman va shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi.
Oʻtgan davr mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda xizmat koʻrsatish va servis yoʻnalishlarida umumiy qiymati 2 417,0 milliard soʻmlik 1142 ta loyiha ishga tushirilib, 10 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
2018 yilda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish Dasturi doirasida sanoat yoʻnalishi boʻyicha jami 88 ta loyiha amalga oshirilib, 1322,3 milliard. soʻm investitsiyalar oʻzlashtirildi. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar 58,267 million AQSH dollarini tashkil etdi.
Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi Farmoniga asosan tashkil etilgan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 16 loyihani amalga oshirish uchun 67,0 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi va 690 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Ushbu korxonalar tomonidan 112,3 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 5,2 million AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.
Samarqand viloyatining turizm salohiyatini oshirish borasida ham aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Bugungi kunda viloyatda mehmonxonalar soni 119 taga yetkazilib, yotoq oʻrinlari 2017 yilga nisbatan 1060 taga koʻpaydi. Jumladan, 22 ta uy mehmonxonalari tashkil etildi.
Mehnat bozorida turizm sohasida malakali mutaxassislarga boʻlgan talabdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti ish boshladi.
Turistik xizmatlar eksporti hajmi 649,6 million AQSH dollarini tashkil etdi va oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2,6 baravarga oʻsdi.
Tashrif davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar taqdimotlari oʻtkazish koʻzda tutilgan.

 

Gʻ.Hasanov, OʻzA