Turkmanboshi shahridagi “Avaza” kongresslar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yakkama-yakka suhbati bo‘ldi.

Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston rahbarining mazkur tashrifi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatdorlik asosidagi sheriklikka yangi sur’at baxsh etishi va uni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Prezidentlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqboliga oid masalalar, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari ko‘lamini yanada kengaytirish, o‘zaro aloqalarni yangi mazmun bilan boyitish uchun barcha imkoniyatlar yetarli ekanini qayd etdilar.

“Avaza” hududida uchrashayotganimiz bejiz emas, dedi davlatimiz rahbari. O‘zbekiston Turkmaniston portlari orqali Kaspiy dengiziga, xalqaro transport yo‘laklariga chiqishni maqsad qilgan.

Ikki davlatning tinchlikparvar tashqi siyosati, xalqaro muammolar borasida bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, turli tahdidlarning oldini olish masalalariga yondashuvlarning o‘xshashligi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasiga qarshi hamkorlikda kurashish tarafdori.

Mamlakatlarimiz mintaqaviy integratsiyani rivojlantirish Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash, izchil taraqqiyotni ta’minlashning muhim omili, deb hisoblaydi. O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.