2018 yilda Oʻzbekistonga 5 million sayyoh kelgan. Buni oshirish imkoniyati mavjudmi?

Turizm rivojiga toʻsqinlik qiladigan asosiy sabablardan biri – viza tartibidir. Eʼtiborlisi, ana shu masala mamlakatimizda keyingi 2 yil davomida izchil hal etib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 3 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmoniga muvofiq, oʻtgan yili Indoneziya, Malayziya, Singapur, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Isroil davlatlari fuqarolari uchun vizasiz rejim va 39 mamlakatdan keladigan sayyohlarga soddalashtirilgan viza tartibi joriy qilindi. Vizasiz kiruvchi xorijliklar safiga 2018 yilning mart oyidan tojikistonliklar, oktyabr oyidan fransiyaliklar ham qoʻshildi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 5 yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi farmoni asosida yana 45 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz tartib joriy etildi. Bundan tashqari, 70 dan ziyod mamlakat fuqarolariga elektron viza olish imkoniyati yaratildi.

Agar yangi roʻyxatga eʼtibor qilinsa, yurtimizga vizasiz kirish imtiyozi boʻyicha Yevropa mintaqasining deyarli barcha mamlakatlari qamrab olinganini koʻrish mumkin. Mazkur mintaqa dunyo turizm bozorida nafaqat qulay manzil sifatida, balki salohiyatli sayyohlari bilan ham yetakchi ekanini hisobga olsak, viza boʻyicha yaratilgan qulaylik va imtiyozlar samarasida yaqin kelajakda Oʻzbekistonga Yevropadan keluvchi sayyohlar oqimi yanada faollashishi aniq. Shu bilan birga, mintaqada faoliyat olib boruvchi, yiliga millionlab sayyohlarni yurtimizga jalb etish imkoniyatiga ega yirik turistik kompaniyalarning Oʻzbekiston turizm bozoriga qiziqishini ham oshiradi.

Statistikaga koʻra, 2018 yilda Oʻzbekistonga 5 millionga yaqin sayyoh kelgan. Bu avvalgi yillarga qaraganda koʻp. Demak, oʻsish katta, endilikda berilgan imtiyozlar hisobiga sayyohlar soni yanada ortadi. Bu bir tomondan soha rivojlanayotgani dalolati boʻlsa, ikkinchi tomondan, shunga yarasha tayyorgarlikni, sohada mavjud muammolarni bartaraf etishni taqozo etmoqda.

Avval muammolarga toʻxtalsak. Ulardan baʼzilari oʻtgan yilning oʻzidayoq koʻzga tashlandi. 2018 yilda yurtimizga keluvchi mehmonlar soni keskin oshishi va bu asosan rejalashtirilmagan sayyohlar oqimi hissasiga toʻgʻri kelgani mavsum paytida asosiy sayyohlik maskanlari – Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mehmonxonalar tanqisligi, temir yoʻl chiptalari yetishmasligi kabilarni keltirib chiqardi.

Ammo, Fargʻona vodiysi, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpogʻistondagi maskanlarga sayyohlar oqimi siyrak boʻldi. Yaʼni, ushbu hududlar boʻyicha sayyohlarda maʼlumot kamligi, tashviqot-reklama ishlari yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani sezilib qoldi. Ikkinchidan, mamlakatimizdagi sayyohlik kompaniyalari marshrutlarida chekka hududlardagi manzillar kam oʻrin olgan.

Shu kabi muammolar, turizm infratuzilmalaridagi sharoit, sayyohlik kompaniyalari imkoniyatlari izchil tahlil etilib, nafaqat 2019 yil, balki kelgusi yillarga moʻljallangan katta ishlar boshlandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasida 2019-2025yillarda Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi va chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. 2019-2020yillarda turizm infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi.

Keyingi yillarda turizm bozori subyektlari va sohaga mutasaddi tashkilotlarning oʻzaro hamkorligi kuchaymoqda. Buni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. Kengashga yurtimizdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari, agentliklar, firmalar vakillari aʼzo boʻlib, ular sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar berib kelmoqda.

Yurtimizda 7,4 ming madaniy meros obyekti mavjud. Ulardan 209 tasi, jumladan, 4 ta shahar muzey YUNЕSKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Xorijlik sayyohlar bu maskanlarni koʻrishga doim intilgan. Misol uchun, oʻtgan yili Samarqandning Registon maydoniga bir kunda oʻrtacha 5 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan.

Mazkur majmua bir soatda 500 odamni qabul qilishi mumkin, 5 mingta sayyohni kiritish esa 10 soat vaqtni oladi. Bu sayyoh uchun ham, sayohatni tashkil etuvchi subyektlar uchun ham qiyinchilik tugʻdiradi. Boisi, bitta sayyohlik yoʻnalishi uchun oʻrta hisobda olti soat vaqt ketadi, har bir tarixiy maskanni aylanib chiqish uchun yarim soat vaqt ajratiladi. Shundan kelib chiqib, jamoatchilik kengashi aʼzolari tarixiy maskanlarda turniketlar oʻrnatish, kirish chiptalarini onlayn buyurtma qilishni yoʻlga qoʻyish taklifini kiritdi.

Turizm sohasida boshlangan yangiliklar yurtimizning barcha hududlarida jahon talablariga mos turizm infratuzilmasini shakllantirish, sayyohlik yoʻnalishlaridagi yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, xizmat koʻrsatish obyektlarini xalqaro mezonlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Bu ishlarning sifatli amalga oshirilishi Oʻzbekiston yaqin kelajakda sayyohlar qadami uzilmaydigan mamlakatga aylanishida katta turtki boʻladi.

 
Saidahmad Raufboyev,
 
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzosi,
“Yasminatur” sayyohlik firmasi rahbari.

 

 

OʻzA