Mangʻitda zamonaviy bolalar suv sporti saroyi qurildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumani Mangʻit shahridagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi qoshida yangidan qad rostlagan zamonaviy yopiq suv havzasi foydalanishga topshirildi.

Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan barpo qilingan hududdagi ushbu beshinchi obyektning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Mutaxassislarning fikricha, suzish inson organizmi uchun gʻoyat foydali. Bu jarayonda tanadagi barcha mushaklar faol harakat qiladi, chiniqadi. Natijada qon aylanish tizimi yaxshilanadi. Suzish, ayniqsa, yosh organizmga quvvat beradi, immunitetni mustahkamlaydi. Suvda suzgan kishining asablari tinchlanib, kayfiyati koʻtariladi. Shu bois, 2017-2021 yillarda birgina Qoraqalpogʻiston Pespublikasining 11 ta tumanidagi bolalar va oʻsmirlar sport maktablari qoshida yopiq suv havzalarini yangidan qurish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi tegishli qarori asosida Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasining manzilli dasturiga Qoraqalpogʻiston uchun 5 ta obyekt kiritilgan edi. Ushbu hujjat asosida Qoraoʻzak, Chimboy, Ellikqalʼa tumanlari va Nukus shahrida zamonaviy yopiq suv havzalari qurildi.

– Amudaryo tumanida 2018 yil iyun oyida boshlangan ushbu obyekt qisqa muddatlarda sifatli qurib bitkazildi, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Qahramon Reymov. – Ushbu yopiq suv havzasining smeta bahosi 4 milliard 876 million soʻm. Obyektda 11×25 metr oʻlchamdagi suzish havzasi, murabbiy va shugʻullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish xonalari hamda tomoshabinlar uchun oʻrindiqlar mavjud.

Mazkur suzish havzasining foydalanishga topshirilishi tuman yoshlari uchun quvonchli voqea boʻldi. Endilikda Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida suzish toʻgaragi tashkil etilib, hududda suv sporti turlarini ommalashtirish, yoshlarning sogʻlom ulgʻayishi uchun yanada keng sharoit yaratiladi.

Tadbirda Oʻzbekiston Pespublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev ishtirok etdi.

4.JPG

5.JPG
25.JPG

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA