Oʻzbekistondagi universitetlar soni yana bittaga koʻpaydi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 yanvardagi qarori bilan Toshkent shahridagi Amiti Universiteti tashkil etildi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining maʼlumot berishicha, oliy taʼlim muassasasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, birinchi navbatda, dasturiy taʼminotni ishlab chiqish, axborot tizimlari va kompyuter tarmoqlarini boshqarish boʻyicha xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitetning taʼlim faoliyati 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi.
Uni tamomlagan bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan Amiti Universitetining (Hindiston Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

 

O’zA