Ekologik partiya Oʻzbekistonga nima uchun kerak? (+video)

Poytaxtimizdagi Xalqaro savdo markazida oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston ekologik partiyasi taʼsis syezdida ushbu yangi tuzilmaning jamiyat va davlat hayotidagi oʻrni haqida fikr yuritilmoqda. 
– Xorijiy davlatlar amaliyotida ekologiya sohasidagi siyosiy partiyalar jamiyat hayotida muhim oʻringa ega. Dunyoning 100 ga yaqin mamlakatida ekologik partiyalar faoliyat olib boradi, – deydi Oʻzbekiston ekologik partiyasi taʼsis syezdi delegati Erkin Omonov. – Ularning aksariyati mamlakat siyosiy maydonining teng huquqli aʼzosi sifatida vakillik organlariga oʻrinlar egallash vazifalarini qoʻyib, parlamentda oʻz oldidagi mushtarak maqsadlarni davlat siyosati darajasida ilgari suradilar.
Tadbir ishtirokchilari taʼkidlaganidek, mazkur yangi ekologik partiya oldida katta va masʼuliyatli ishlar turibdi.
Mamlakatda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, aholi uchun qulay ekologik sharoit yaratish va noyob tabiatni saqlashga jamiyatning barcha kuchlarini safarbar qilish, hududiy va mahalliy ekologik va fuqarolar sogʻligini muhofaza qilish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, jamiyatda ekologik madaniyat darajasini koʻtarish singari dolzarb vazifalar shular jumlasidandir. Umid qilamizki, mazkur yangi partiya yoshlarni tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash ishlariga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi. Orol dengizi qurishi natijasida yuzaga kelgan ekologik va ijtimoiy muammolarni hal etish, Orol dengizi inqirozining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida amaliy natijalarga erishadi.

 

Mohigul Qosimova, Yoqub Meliboyev, OʻzA