Xalq taʼlimi tizimidagi tahririyatlar birlashtirilishi mumkin

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalq taʼlimi tizimidagi ommaviy axborot vositalari rolini yanada oshirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga muhokama uchun qoʻyildi.

Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi “Boshlangʻich taʼlim” jurnali tahririyati» Davlat korxonasi, “Til va adabiyot taʼlimi”, “Prepodavaniye yazыka i literaturы”, “Language and literature teaching” jurnallari tahririyati» Davlat korxonasi, “Xalq taʼlimi” jurnali tahririyati» Davlat korxonasi, “Maʼrifat” va “Uchitel Uzbekistana” gazetalari tahririyati» Davlat korxonasi, “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati Davlat korxonasi, “Klass” gazetasi tahririyati Davlat korxonasi, “Gʻuncha” jurnali tahririyati Davlat korxonasi va “Gulxan” jurnali tahririyati Davlat korxonasi bazasida yagona yuridik shaxs shaklida “Xalq taʼlimi nashriyotlari” davlat unitar korxonasi sifatida tashkil etilishi koʻzlangan.

Mazkur qaror Prezidentimizning tegishli qarori bilan tasdiqlangan “2018 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi”ning 18-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu qaror loyihasida “Xalq taʼlimi nashriyotlari” DUKning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari belgilab berilmoqda.

 

OʻzA