2019 yilgi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi qarorining ahamiyati, yil davomida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2019 yilgi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. 
Madaniyat vaziri B.Sayfullayev va boshqalar yurtimizda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, madaniyat va sanʼat maskanlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, soha vakillarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar, ezgu tashabbuslar hayotga joriy etilayotganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilning 28 noyabrida “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida“gi qarori qabul qilingandi. Ijod erkinligi, madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik, inson huquqlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarni hurmat qilish va madaniyatlar xilma-xilligini saqlash, madaniyat va sanʼat boʻyicha taʼlim-tarbiyaning tizimliligi, ilmiyligi va davomiyligini taʼminlash, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha bajariladigan ishlarning ommaviyligi va ochiqligiga erishish kabilar mazkur konsepsiyaning asosiy maqsadlari sirasiga kiradi.
Moddiy va nomoddiy madaniy meros, muzeylar, teatr, kino va sirk, musiqa sanʼati, estrada, raqs, tasviriy va amaliy sanʼat, madaniyat va istirohat bogʻlari hamda madaniyat markazlari, soha xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, madaniyat turizmi kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan ushbu konsepsiya milliy madaniyatimiz taraqqiyotida tub ijobiy oʻzgarishlarni koʻzda tutgani bilan ahamiyatlidir. Uning doirasida madaniyat va aholi dam olish markazlari negizida madaniyat markazlarini tashkil etish, davlat buyurtmasi asosida tarixiy spektakllar yaratish, teatr binosi qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, muzeylarning “Virtual muzey“ bazasi, Oʻzbekiston muzeylari yagona portali yaratiladi.
Konsepsiyaga asosan ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi“ga koʻra, rang-barang festivallar, ijodiy tanlovlar oʻtkazish, “Sahrodagi qasrlar“, “Sarmishsoy qoyatosh rasmlari“, “Xonbandi“, “Zarautsoy qoyatosh rasmlari“, “Qadimiy Termiz“ obyektlarini YUNЕSKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish choralarini koʻrish, “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi“ toʻplamini chop etish, noyob milliy musiqa asarlaridan iborat fonotekani yaratish rejalashtirilgan.
Anjumanda qayd etilganidek, yil davomida yurtimiz madaniy hayotida koʻplab unutilmas loyihalar, konsertlar, uchrashuvlar, musiqa kechalari tashkil etildi. Bir qator davlatlarda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari“, milliy sanʼatimizga bagʻishlangan konsertlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Jahonning nomdor sanʼatkorlari, teatr, raqs jamoalarining dasturi hamyurtlarimiz uchun oʻziga xos unutilmas tuhfa boʻldi. Shahrisabzda oʻtkazilgan xalqaro maqom sanʼati festivali musiqiy merosimizning bor goʻzalligini dunyoga namoyish etdi. Ochiq osmon ostidagi konsertlar, yurtimizning turli hududlarida boʻlib oʻtgan “Open air“ musiqiy dasturlari nozik didli ixlosmandlar, xorijlik sayyohlarga gʻoyat manzur boʻldi.
Matbuot anjumanida moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash, muzeylar ishini takomillashtirish, madaniyat va sanʼat sohasidagi xalqaro hamkorlik, kadrlarning ijodiy salohiyatini yuksaltirish va boshqa masalalar yuzasidan istiqbolli rejalar xususida batafsil maʼlumot berildi.

 

N.Usmonova, OʻzA