«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq «Jamoatchilik fikri ko‘zgusida sud-huquq tizimi islohoti» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati, ya’ni 89,6 foizi Prezidentimiz rahnamoligida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolar huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, huquqiy va demokratik davlat barpo etishning asosiy kafolati sifatida qonun ustuvorligi tamoyili mustahkamlanishiga katta ishonch bilan qaraydi.

Ishtirokchilar sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlardan maqsad mamlakatda qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar oldini olish tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishni ta’minlashdan iborat, deb biladi. Shuningdek, islohotlar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sud hokimiyati o‘rnini oshirish, mavqei va asl mustaqilligini mustahkamlash, amaldagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni ham ko‘zda tutadi, deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, har uch ishtirokchidan biri sud-huquq tizimidagi islohotlarning asosiy maqsadi haqida yetarli tasavvurga ega emasligi ayon bo‘ldi. Shu bois, aholining huquqiy madaniyatini, fuqarolarning o‘z huquq va majburiyatlarini bilish darajasini oshirishga, keng aholi qatlamiga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sababi, maqsad va vazifalarini tushuntirishga mo‘ljallangan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda fuqarolarni qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar mohiyati bilan o‘z vaqtida tanishtirish vakolatiga ega davlat organlari va muassasalari faoliyatini takomillashtirish ham muhim.

69,7 foiz ishtirokchi sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlarning ijobiy samarasi jamiyat va davlat hayotining ko‘plab jabhalariga daxldor ekanini ta’kidlagan. So‘rov davomida fuqarolar jinoyatchilikning oldini olish va bartaraf etish, biznesni rivojlantirish sohasida huquqni ta’minlash, tadbirkorlar manfaatini himoya qilish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash masalalarini sud-huquq tizimidagi islohotlar bilan bog‘liq tarzda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar sifatida qayd etgan.

So‘rov natijalariga asosan sud-huquq tizimidagi islohotlar aholi e’tiborini tobora ko‘proq tortmoqda, degan xulosaga kelish mumkin. Shu bois, amalga oshirilayotgan islohotlar samaralarini, mamlakatni modernizatsiya qilish tufayli ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, bu haqda aholini keng xabardor qilish masalasiga alohida e’tibor qaratish darkor.

Har uchinchi respondent aholining sud-huquq tizimidagi islohotlardan yetarli darajada xabardor emasligi, huquqiy madaniyat va huquqiy ta’lim darajasi zamon talablariga javob bermasligi sohada muvaffaqiyatli o‘zgarishlarni amalga oshirish yo‘lidagi jiddiy to‘siqdir, deb hisoblaydi.

So‘rov aholi huquqlari va qonuniy manfaatlari har qanday tajovuzdan himoyalanganini ko‘rsatdi. Aksariyat, ya’ni 93,8 foiz respondent o‘zini huquqiy jihatdan himoyalangan, deb hisoblaydi.

Fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda adolatni tiklash uchun yordam so‘rab ko‘proq yashash joyidagi mahalla yig‘inlariga murojaat qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu tabiiy, zero, mahalla fuqarolarning hayotiy muammolarini hal etish va manfaatlarini ta’minlashda keng vakolatlarga ega, u davlat hokimiyati vakillari bilan hamkorlik qiladi va eng muhimi, joylashuviga ko‘ra nisbatan qulay.

So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar bu qabulxonalarni qonun ustuvorligini ta’minlash va adolatning tantana qilishida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi. Har ikkinchi ishtirokchi o‘z huquqi buzilgan va qonuniy manfaati cheklab qo‘yilgan hollarda Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaat qilishini bildirgan.

Ishtirokchilarning 67,1 foizi o‘z manfaatlarini himoya qila olishi va buzilgan huquqlari qonuniy yo‘l bilan tiklanishiga erisha olishiga qat’iy ishonadi. Monitoring natijalariga ko‘ra, 2015-yildan 2017-yilgacha bo‘lgan muddatda o‘z qonuniy huquq va manfaatlarini tiklay olishiga qat’iy ishongan fuqarolar foizi barqarorligi saqlanib qolmoqda.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining aksariyati (93,2 foizi) mamlakatda o‘lim jazosi bekor qilinganini ma’qullaydi va qo‘llab-quvvatlaydi. Bu xalqimizning insonparvarlik g‘oyalari va demokratik qadriyatlarga sodiqligidan dalolat beradi.

Respondentlarning yarmidan ko‘pi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida sud-huquqi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar huquq-tartibot organlari, huquqni himoya qilish tashkilotlari va ijtimoiy institutlar faoliyatiga sezilarli ravishda ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deb hisoblaydi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida fuqaro huquq va erkinliklarining kafolatlangan ishonchli himoyasini kengaytirish, fuqarolarning adolatga to‘siqsiz erishishi darajasini oshirish sud-huquq islohotlarining yetakchi yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. So‘rov shaxs huquq va erkinliklarini amalga oshirishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza muntazam takomillashtirib borilayotgani, ushbu islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlari tobora faol qatnashayotgani, jamoatchilik nazorati mexanizmi qonun bilan mustahkamlangani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari alohida ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, xalqimiz sud-huquq tizimidagi islohotlar muhimligini yaxshi tushunadi. Mamlakatimizda sud tizimini yanada demokratlashtirish, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosat, sud hokimiyati mustaqilligiga oid konstitutsiyaviy me’yorlarga rioya etilishini jiddiy nazorat qilishni ta’minlash, fuqarolarning adolatni qaror toptirishga erishish darajasini oshirish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Ijtimoiy fikr» markazi
materiallari asosida

Ablay Kamolov, O‘zA