Eron Islom Respublikasi Prezidenti
Hasan Ruhoniy
Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

Eronning parlament binosida hamda oyatullo Homeyniy maqbarasida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida ko‘plab insonlarning nobud bo‘lgani va og‘ir jarohat olgani haqidagi xabar bizni qattiq qayg‘uga soldi.

O‘zbekiston ushbu qabih terrorchilik xurujlarini, ular qanday shakl va mazmunda bo‘lishidan qat’iy nazar, keskin qoralaydi hamda mazkur baloga qarshi xalqaro miqyosda hamkorlik qilish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.

Ushbu musibatli damlarda Siz Janobi Oliylariga va Siz orqali butun Eron xalqiga chuqur ta’ziya izhor etamiz. Qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik tuyg‘ularimizni yetkazib qo‘yishingizni so‘raymiz. Jarohat olganlarni esa tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tilaymiz.

Qayg‘u ila,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti