Innovatsion oʻquv-seminar taʼlimni rivojlantirishga xizmat qiladi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida ikki kunlik oʻquv-seminar boʻlib oʻtmoqda.

Bu odatiy yoki anʼanaviy mashgʻulot emas. Gap shundaki, qishki taʼtil vaqtida tizimdagi rahbarlar, xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari mutaxassislari ishtirok etayotgan seminar taʼlim sohasidagi islohotlar, mavjud muammolar yechimi haqida interaktiv usullarni qoʻllagan holda oʻtkazilmoqda.

Asosiy maqsad – umumtaʼlim maktablarida ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish orqali oʻquvchilar tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan turli gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarning oldini olish, oʻquvchilar ongida vatanparvarlik hissini rivojlantirish hamda taʼlim-tarbiyaga masʼul boʻlgan mutasaddi xodimlarning malakasini oshirishdan iborat.

Oʻquv-seminarda farzand taʼlim-tarbiyasi, Oʻzbekistonda davlat va dinning oʻzaro munosabatlarida amal qilinadigan asosiy tamoyillar, yoshlarda burch va masʼuliyatni shakllantirishda “oila – mahalla – taʼlim muassasasi“ hamkorligi kabi yoʻnalishlarda qilinishi lozim boʻlgan ishlar tahlil etilmoqda. Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, xalq taʼlimi tizimida har tomonlama yetuk, barkamol avlodni tarbiyalashning dolzarb masalalari, uzluksiz maʼnaviy tarbiya, bu boradagi xorijiy tajriba, huquqiy taʼlim-tarbiyani shakllantirish samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalarni qoʻllashning ahamiyati kabi mavzularga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Seminarga tayyorgarlik jarayonida oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida 12 ta mavzuni qamrab olgan videoresurslar yaratildi va internet tarmogʻiga joylashtirildi. Umumtaʼlim maktablarida uchinchi chorak boshlangunga qadar pedagogik jamoa uchun mazkur resurslardan foydalangan holda videosaboqlar tashkil etiladi.

 

Barno Meliqulova, OʻzA