2019 yilda narx-navolar keskin koʻtarilmaydi

Moliya vazirligida tadbirkorlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Moliya vaziri J.Qoʻchqorov yaqinda eʼlon qilingan, goʻsht, shakar, kartoshka, non, piyoz, baliq kabi mahsulotlardan QQS olishni bekor qilingani haqida izoh berdi.
Shuningdek, OAV vakillariga 2019 yilda narx-navolar keskin oshmasligini maʼlum qildi.
–Toʻgʻrisini aytganda, oʻtgan yili non, elektr narxining oshgani hisobiga inflyatsiya darajasi 20 foiz boʻladi degan tashvishda edik, – deydi J.Qoʻchqorov. – Lekin hisob-kitoblar bu koʻrsatkichni 14,3 foizni tashkil etganini koʻrsatdi. Buning asosiy sababi tadbirkorlarimiz orasida raqobatning keskin oshgani deb aytish mumkin.
Shuningdek, tadbirda korporativ mijozlar uchun savdo va xizmatlar sohasida cheklar joriy etilishi haqida soʻz bordi. Hozirga qadar plastik kartochka yordamida amalga oshirilgan savdo va servis xizmatlariga chekdan tashqari schyot-faktura ham talab etilib, ortiqcha tashvish boʻlayotgan edi. Endi mijozga berilgan chek qonuniy hujjat hisoblanadi.

 

OʻzA