Uy-joyni ijaraga berishda yana oʻzgarishlar boʻladi(mi?)

Oʻzbekistonda 2019 yil 1 yanvardan boshlab turar-joy egalari oʻz uylarini qisqa muddatli ijara shartnomasiga asosan 30 kungacha boʻlgan muhlatga ijaraga berishi mumkin.
Bu “Ayrim turdagi inshootlarni vaqtinchalik yashash uchun berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilab qoʻyilgan. Ushbu qaror Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida eʼlon qilindi.
Qarorga asosan, uyini ijaraga bermoqchi boʻlgan shaxs emehmon.uz yagona elektron tizimidan roʻyxatdan oʻtishi zarur. Ijara shartnomasini notarial tasdiqlash shart emas hamda uyni ijaraga berish uchun soliq organlarida qayddan oʻtish talab qilinmaydi.
Turar-joy binosini 30 kungacha, lekin bir yilda 60 kundan oshmagan muddatga ijaraga beruvchi mulkdorlar hech qanday qaydnomasiz tadbirkorlik subyekti sifatida sayyohlarga joylashuv xizmatlarini koʻrsatishlari mumkin.
Uyini 30 kungacha, ammo yiliga 60 kundan ortiq muddatga ijaraga berish bilan shugʻullanadigan shaxslar esa tadbirkorlik subyekti sifatida roʻyxatdan oʻtishi va ijaraga taqdim etilayotgan turar-joydan qonunchilik bilan belgilangan tartibda joylashuv vositasi sifatida foydalanishi shart.
Ayni paytda uylarini ijaraga beruvchi shaxslar turistik yigʻim uchun ham javobgar hisoblanadi.

 

Barno Meliqulova, OʻzA