Xalq farovonligining yorqin timsoli

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi taraqqiyotimizni yangi bosqichga koʻtarish yoʻlidagi dasturilamal boʻldi. Unda mamlakatimizning 2018 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, islohotlar samarasi, erishilgan natijalar atroflicha tahlil qilib berilishi barobarida Oʻzbekiston Respublikasini 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.
Taʼkidlash joizki, bir yil muqaddam mamlakatimiz tarixida ilk marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi taqdim etilgan edi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan ushbu dasturilamal darajasidagi nutq asosida yakunlanayotgan yilda ulkan yutuqlarga erishildi, bu davlatimiz rahbarining nutqidagi fakt va raqamlar bilan koʻrsatib berildi.
Navbatdagi Murojaatnomada ham barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha oʻrtaga tashlangan masalalar Vatanimiz kelajagiga daxldorligi bilan hech kimni befarq qoldirmadi. Jumladan, 2019 yilda soliq siyosatini amalga oshirishda eskirgan chora-tadbirlardan voz kechilishi, islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz faoliyat koʻrsatishi uchun byudjet barqaror boʻlishi kerakligi, 2019 yilga “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nom berilishi esa bu boradagi keng koʻlamli amaliy ishlarga mustahkam zamin hozirlaydi.
Murojaatnomada 2019 yildan boshlab joriy etilayotgan yangi soliq konsepsiyasining eng asosiy gʻoyasi soliq yukini kamaytirish, sodda va barqaror soliq tizimini qoʻllashni koʻzda tutadi. Shu orqali iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkor va investorlar uchun har tomonlama qulay muhit yaratishga erishish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldirilgani, bu, oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan esa 32 barobar koʻp boʻlgani, buning natijasida aholining real daromadlari oshganligi qayd etildi.
Taʼkidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi oʻsib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish ijrosi mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochadi, xalqimizning yangi, yanada yuksak marralarni qoʻlga kiritishida poydevor boʻlib xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligining yorqin timsolidir.
Adhamjon Mahmudov,
Namangan viloyati Davlat soliq boshqarmasi
boshligʻining oʻrinbosari

 

OʻzA