Davlat chegarasidan reportaj: Oʻzbek-tojik — qoʻshni davlatga oʻtib-qaytuvchilar 800 foizga oshdi

Soʻnggi bir yilda Oʻzbekistondan Tojikistonga oʻtib-qaytuvchilar soni bir necha yuz barobarga koʻpaydi. Xususan, Toshkent viloyatida joylashgan “Oybek” chegara bojxona posti orqali bir kunda qoʻshni davlatga oʻtib-qaytuvchilar 800 foizga oshdi.
Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarini koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, yagona din, oʻxshash madaniyat, urf-odat va anʼanalar bir-biriga mustahkam bogʻlab turadi. Bu ikki millat oʻrtasidagi qarindosh-urugʻchilik, quda-andachilik, birodarlik bogʻichi shu qadar mustahkamki, buni xalqlarimizga nisbatan aytilgan “Ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalq”, taʼrifidan ham bilish mumkin.
9.JPG
Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli soʻnggi yillarda mamlakatlarimizning koʻp qirrali hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi, xalqlarimiz doʻstligi mustahkamlandi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning oʻtgan yil 17 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgani tarixiy voqea boʻldi.
Ikki davlat oʻrtasida tarixiy aloqalarning qayta tiklangani, ayniqsa, yillar davomida qarindosh-urugʻlari, doʻstlari va yaqinlari bilan diydor koʻrishish imkonidan bebahra boʻlgan odamlarning hayotida tub burilish yasadi. Chegaradagi oʻtkazish punktlari ochilgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida transport qatnovi tiklangani koʻp ming sonli diydor sogʻingan qalblarning hayotdan rozi boʻlib yashashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
12.JPG
– Bundan bor-yoʻgʻi ikki yil muqaddam chegara bojxona postimiz orqali bir kunda Tojikistonga koʻpi bilan 600 nafargacha yoʻlovchi oʻtib-qaytgan, – deydi “Oybek” chegara bojxona posti boshligʻi, podpolkovnik Ziyodulla Rajabov. – Ayni paytda esa postimiz orqali bir kunda 3 mingdan 5 ming nafargacha yoʻlovchi oʻtib-qaytmoqda. Bu albatta, Prezidentlar, xususan Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viza rejimining qulaylashtirilgani, chegara postlarida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatining oshirilishi natijasidir.
Darhaqiqat, Prezidentmizning 2018 yil 14 martdagi tegishli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2018 yil 9 mart kuni imzolangan fuqarolarning oʻzaro safarlari toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlandi. Qarorga muvofiq, 2018 yil 16 martdan boshlab Tojikiston Respublikasi fuqarolari Oʻzbekistonga 30 kungacha vizasiz safar qilishlari mumkin boʻldi.
– Biz boshqa-boshqa davlatlar fuqarolari boʻlishimiz mumkin, ammo komil ishonch bilan ayta olamanki, bizlar bir xalqmiz, – deydi tojikistonlik Maxmudjon Rahmonqulov. – Oʻzimdan qiyos, goʻzal Vaxdat zaminida 70 yoshni qarshilayapmanki, bir oyogʻim Andijonda. Hozir ham Andijondan kelayapman. Yangi yilni togʻalarim, xolalarim, ammalarim, xullas yaqin qarindosh-urugʻlarim davrasida kutib oldim. Endi aytingchi, men kabi bir tojikistonlikning butun qarindosh urugʻi Oʻzbekistonda boʻlsa, va yoki aksincha bir oʻzbekistonlikning yaqinlari, jigarlari Tojikistonda boʻlsa, qanday qilib biz begona, boshqa-boshqa boʻlishimiz mumkin.
“Oybek” chegara bojxona posti orqali harakatlanuvchi fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida bojxona posti zamonaviy bojxona apparatlari, kuzatuv kameralari, texnik nazorat vositalari va jihozlari bilan taʼminlangan. Yosh bolali yoʻlovchilarning qulay harakatlanishi, bojxona posti orqali oʻtib-qaytuvchilarga zarur hollarda tibbiy yordam koʻrsatish, shuningdek, kutish zalida mehmonlarni kutish uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Maskanda fuqarolar oʻzlari bilan olib oʻtishi mumkin boʻlgan tovar va moddiy boyliklar meʼyori hamda valyuta qimmatliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzbek, tojik va rus tillarida joylashtirilgan.
– Oʻgʻlim farzandlik boʻlibdi, nevaramni koʻrgani Tojikistonga ketayapman, – deydi qozogʻistonlik 73 yoshli Gulbuvi aya Shorasulova. – Diydor shirin, yaqinlaring gʻanimat. Boray desang, yoʻl azobi, bir tomondan keksalik, boshqa tomondan esa bir dunyo hujjat. Ayni shu boisdan avvallari ha deganda diydorlashish imkonimiz yoʻq edi. Ishongim kelmaydi, bir pasda Chimkentdan Toshkent oshib, Tojikiston ostonasidaman. Yana bir pasdan soʻng jigarlarim bagʻrida boʻlaman. Bunday sharoit yaratib bergani uchun, avvalo, Ollohim bosh qilgan davlatlarimiz rahbarlariga mingdan-ming rahmat.

 

A. Xudoyqulov, OʻzA