Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili – xalqaro OAV nigohida

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar xalqaro ekspertlar eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Xalqimiz hayotidagi ana shu oʻzgarishlar jahon ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi muntazamlik kasb etib bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 dekabr kuni 2018 yil yakuni va 2019 yilning istiqbolli rejalari yuzasidan mamlakatimiz parlamentiga taqdim etgan Murojaatnomasi haqida CA-News Markaziy Osiyo yangiliklar portali maqola eʼlon qildi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni mamlakat parlamenti oldidagi Murojaatida 2019 yilni Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qildi”, deyiladi unda.
Xabarda qayd etilishicha, Prezidentimiz tomonidan kirib kelayotgan yilga ushbu nomning berilishi Oʻzbekistonda 2018 yilda boshlangan investitsiyaviy loyiha va dasturlar ijrosining mantiqiy davomidir. Mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etishdan maqsad Oʻzbekistonda yashaydigan har bir fuqaroning yashash sharoitini yaxshilashdan iboratdir.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasi yuzasidan Ozarbayjonning Trend.Az axborot agentligi “Oʻzbekistonda 2019 yil Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qilindi” nomli xabar eʼlon qildi. Unda Prezidentimizning mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etishdan koʻzlangan maqsad, sohada erishilgan yutuqlar va istiqbollar yuzasidan mulohazalariga eʼtibor qaratilgan.
“Shavkat Mirziyoyevning taʼkidlashicha, 2019 yilda mamlakatda 138 trillion soʻmlik sarmoyalar oʻzlashtiriladi. Bu 2018 yilga nisbatan 16 foiz ziyod. Shu bilan birga, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi 4,2 milliard dollarni tashkil etadi, bu 2018 yilga nisbatan 1,5 baravar koʻpdir”, deyiladi xabarda.
Maqolada 2019 yilda Oʻzbekistonda 142 ta zamonaviy korxonani ishga tushirish rejalashtirilgani qayd etilgan.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA