Bir yilda “UZ” domen zonasi 12 mingta domen bilan toʻldi

“UZ” domen zonasi maʼmuriyati 2018 yil yakunlarini sarhisob qildi.

Ijtimoiy tarmoq milliy segmenti tashkil etilganidan buyon mahalliy foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etgan holda, jadal rivojlanmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida “UZ” milliy domeni boshqaruvchisi hisoblangan “UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJ tomonidan bir qancha loyihalar amalga oshirildi.

Barcha foydalanuvchilar markazlashmagan holda foydalanishi uchun domen nomlarini online-roʻyxatga olishni takomillashtiradigan texnologiya amaliyotga tatbiq etilgan soʻnggi ishlanmalardan biridir. Mazkur funksiya domen nomini masofadan turib roʻyxatga olish imkonini beradi.

Masalan, 2018 yil oxirida ijtimoiy tarmoqdagi mahalliy segmentda faol domenlarning umumiy soni 65 mingtaga yetdi. Ayni paytda ularning 12 mingdan ortigʻi joriy yilda tashkil etilgan domenlardir.

“UZ” domen zonasi maʼmuriyatidan olingan maʼlumotlarga koʻra, yuridik shaxslar uchun registrator mavqeini erkin olish imkoniyatining taqdim etilishi yanada qulay va arzon xizmatlar taklif etadigan yangi registratorlarning paydo boʻlishiga zamin yaratdi. Tobora rivojlanayotgan raqobat domen nomlari bozorida faoliyat yuritayotgan mahalliy kompaniyalarning raqobatbardoshligini oshirish, yangi xizmatlarni faol joriy etish, aksiyalar oʻtkazish va roʻyxatga olish narxlarini pasaytirishga turtki berdi. “UNITEL” MCHJ kompaniyasining 2018 yilda registrator mavqeini olgani bunga yorqin misoldir. Hozirgi kunda mazkur kompaniya domen sanoati bozorida qator xizmatlarni taqdim etib kelmoqda.

Sentyabr oyida Toshkentda oʻtkazilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi yuqori darajadagi domenlar milliy assotsiatsiyasi – APTLD (Asia Pacific Top Level Domain Association)ning 20-sammiti yilning eng yorqin hodisalaridan biri boʻldi. Unda tashkilotga aʼzo boʻlgan 40 dan ortiq davlat, shuningdek, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika vakillari ishtirok etdi. Ushbu yirik tadbir internet-biznes va domen sanoati vakillariga global tarmoqda noyob identifikatorlar tizimini rivojlantirishga xizmat qilayotgan asosiy trend va imkoniyatlar, internetda xavfsizlik boʻyicha yangi texnologiyalar, turli mamlakatlarda uni rivojlantirish tajribasi bilan tanishish imkonini berdi.

Joriy yilda “UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator” MCHJ domen nomlari registratori sifatidagi faoliyatini toʻxtatadi. Buni registratorlar raqobatbardosh tarmogʻining rivojlanishi, axborot texnologiyalar bozorida domen nomlarini roʻyxatga olish xizmatlari soni va sifatining oshishi taqozo etdi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA