Prezident qaroriga asosan Madaniy meros departamenti tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 19 dekabrda “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarorida bu haqda qayd etildi.
Departament:
– moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
– moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari toifalari va qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
– tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini, moddiy madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ishlarni putur yetkazmagan holda amalga oshirilishi boʻyicha uzluksiz ilmiy-texnik nazoratni olib borish;
– alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi obyektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xoʻjalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolgan holda olib borilishini muvofiqlashtirish;
– arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya qilinishi, arxeologiya ashyolarining oʻz vaqtida hisobga olinishi va davlatga topshirilishini nazorat qilish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, shuningdek, arxeologiya tadqiqotlari boʻyicha ilmiy hisobotlarni qabul qilish, ekspertizadan oʻtkazish va arxivini yigʻish, arxeologiya yodgorligini konservatsiyalash hamda muzeylashtirish;
– milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va kolleksiyalarini muzey fondi tasarrufidan chiqarish yoki boshqa muzey fondiga oʻtkazish, madaniy boyliklarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar berish, shuningdek, davlat tomonidan muhofaza roʻyxatlari va reyestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar, jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalari, qadimiy yozma manbalarning but saqlanishini va hisobi yuritilishini tekshirish, milliy arxiv fondi bundan mustasno;
– olimlar, xalq ustalari, restavratorlar, ekspertlar bilan yaqin hamkorlik qilish, taʼmirshunoslikdagi oʻziga xos uslub, anʼana va maktablarini rivojlantirishni, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash;
– moddiy madaniy meros obyektlarini keng targʻib etish va ommalashtirish, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, innovatsion va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali tatbiq etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;
– xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, moliyaviy institutlarning grantlari, kreditlari va homiylik xayriyalarini jalb etish kabi vazifalarni bajaradi.

 

OʻzA