Hindiston OAV BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi haqida

Hindistonning onlayn-nashri oʻz sahifalarida BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik“ boʻyicha qabul qilingan rezolyutsiyasiga oid materiallarni eʼlon qildi.

Masalan, Hindistonning “India Blooms” internet portali “BMT mamlakatlari Oʻzbekiston Prezidentining maʼrifat va diniy bagʻrikenglik boʻyicha taklifini yakdillik bilan qoʻllab-quvvatladi“ nomli maqolada mazkur tashabbus ilk bor Oʻzbekiston rahbari tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida eʼlon qilinganini bayon etadi.

Nashr Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan ushbu rezolyutsiyaning asosiy maqsadi barchaning taʼlimdan foydalanishini taʼminlash, savodsizlik va bilimsizlikka barham berish ekanini qayd etadi. Hujjat “bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, dindor (eʼtiqodli kishilar)ning huquqlarini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka“ qaratilgan.

Maqolada yana mazkur rezolyutsiya nafaqat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlangani, balki Shimoliy va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qitʼalarning 50 dan ortiq mamlakati bilan hammualliflikda qabul qilingani, bu esa dolzarb va oʻz vaqtida taklif etilgan Oʻzbekiston tashabbusining xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak eʼtirof etilganidan dalolatdir, deb bayon etiladi.

“Diplomacy India”, “Diplomacy Today” va “Sarkaritel” onlayn-nashrlari ham mazkur mavzuga oid materiallarni chop etdi. Ularda ushbu hujjatning inson huquqlari hamda din va eʼtiqodlar xilma-xilligini himoya qilish asosida bagʻrikenglik va tinchlikni barcha darajada ragʻbatlantirish maqsadida global muloqotga koʻmaklashish boʻyicha xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini yanada faollashtirishdagi ahamiyati alohida qayd etiladi.

 
Oʻzbekistonning Hindistondagi
 
elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

 

OʻzA