Dunyo eʼtirof etgan tashabbus

Avval xabar qilinganidek, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Ushbu rezolyutsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasidir.

Helena FRЕYZЕR, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili:

– “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiya BMTga aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qabul qilindi. 51 davlat Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan konstruktiv taklif, yaʼni dunyoda mavjud barcha dinlarga nisbatan maʼnaviy bagʻrikenglik madaniyatini kuchaytirishga doir gʻoyani qoʻllab-quvvatladilar. Chunki ushbu rezolyutsiya bagʻrikenglik bilan birga, madaniy va diniy bilimlarni kuchaytirish tamoyilini ham olgʻa surgan holda, global tinchlik va farovonlik uchun ustuvor yoʻnalish boʻlib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Vladimir NOROV, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori:

– BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilinishi 2018 yilning muhim tarixiy voqeasi boʻldi. Ushbu hujjat Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda millatlararo va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash borasida uzoqni koʻzlab olib borilayotgan izchil chora-tadbirlarning dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishidir. Rezolyutsiyada asosiy eʼtibor huquqiy madaniyatni oshirish, diniy maʼrifatni kuchaytirish orqali insonlar ongini sof tuygʻular bilan oziqlantirishga qaratilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekistonda hukm surayotgan millatlararo va dinlararo totuvlik, doʻstlik va bagʻrikenglik muhiti ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning xalqaro maydonda obroʻ-eʼtiborini yanada yuksaltirishda muhim omil boʻlmoqda.

Amani al-ITR xonim, Misr Arab Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Ushbu muhim rezolyutsiyani Misr ham qoʻllab-quvvatladi. Davlatlarimiz oʻrtasida ayni masaladagi tutash nuqta, bu – Oʻzbekiston bilan Misrning diniy totuvlik jamiyat barqarorligida muhim rol oʻynashini anglab yetganidir. Rezolyutsiyadan koʻplab muhim jihatlar oʻrin olgan. Taʼlim yoʻnalishini oladigan boʻlsak, Oʻzbekistonda turli millat vakillari, turfa dinga eʼtiqod qiluvchilar oʻzlarining munosib oʻrniga ega. Mazkur yoʻnalishda mamlakatingizda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Rezolyutsiya tashabbuskori boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rolini alohida taʼkidlab oʻtishni istardim. Bu Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida turgan murakkab muammolar yechimini topishda oqilona tashabbusi boʻldi.

Irfon Yusuf SHOMIY, Pokiston Islom Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Oʻzbekiston ilgari surgan tashabbusning muhimligi shundaki, dunyoning 50 dan ortiq mamlakati endi uning hammuallifi hisoblanadi. BMTda maʼqullangan rezolyutsiyani Pokiston ham dastlabki bosqichdan qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur rezolyutsiyaning asosini tashkil etuvchi sohalarni rivojlantirish yoʻlida koʻplab ishlarni amalga oshirdi. Konsensus yoʻli bilan qabul qilingan hujjatda barcha aʼzo davlatlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusini yuksak baholadilar. Xalq birdamligi, diniy bagʻrikenglik, inson huquqlari uning asosini tashkil etadi. Mazkur rezolyutsiya dunyo hamjamiyati uchun eng maqbul hujjat boʻladi, deb oʻylayman. Yaqinda Samarqandda Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtgan, unda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Xalqaro hamjamiyat va tarixan mushtarak boʻlgan mintaqa mamlakatlari ham bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi.

Mosud MANNON, Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– Bangladesh Respublikasi har doim tinchlik va totuvlik, diniy bagʻrikenglik tarafdori boʻlgan. Shu bois, Oʻzbekiston rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbusni birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Diniy bagʻrikenglik boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda eng namunaviy va oʻrnak boʻla oladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Men Oʻzbekistondagi 5 yillik elchilik faoliyatim davomida oʻzga din vakillariga nisbatan gʻaraz munosabatni kuzatmadim. Aksincha, barcha din vakillari, millat va elatlar tinch-totuv, ahil va hamjihat yashaydi. Bu Oʻzbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat natijasida yurtda diniy bagʻrikenglik muhiti qaror topganidan dalolatdir. Qolaversa, bu masala faqat qonunlar bilan mustahkamlab qoʻyilgani uchun emas, balki koʻpchiligi islom diniga eʼtiqod qiluvchi Oʻzbekiston xalqining boshqa din vakillariga nisbatan doimo hurmat-ehtiromda boʻlib kelgani bilan ham bogʻliq. Odamlarning turli millat vakillari bilan doʻstona munosabati, avvalo, oʻzaro muloqotlar orqali shakllanadi. “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasida qabul qilinishi ana shu ijobiy munosabatlar natijasidir.

VIKЕNTIY, Toshkent va Oʻzbekiston mitropoliti:

– Bu tashabbus Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgani tasodif emas. Chunki bu yurtda azaldan diniy bagʻrikenglik mustahkam qaror topgan. Oʻzbekistonni bagʻrikenglik beshigi, ham deyish mumkin. Dunyo xalqlari ham bu diyordagi kabi tinch-totuv, ahil hayot kechirsin degan gʻoya ilgari surilgani bejiz emas. Biz turli millat va konfessiyalar vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyevning qoʻllab-quvvatlovi, koʻmagini doimo his qilib turamiz. Bunday eʼtibordan juda minnatdormiz.

Rahimberdi RAHMONOV, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi boʻlim boshligʻi:

– 2017 yilda Prezidentimiz BMTning 72-sessiyasida jahon xalqlari totuvligi yoʻlidagi gʻoyat muhim tashabbusni ilgari surdi. BMTning yuksak minbaridan turib Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlarini tilga oldi. Qolaversa, Oʻzbekiston tomonidan diniy sohada xalqaro hujjat qabul qilish taklifi bildirildi. Ushbu taklif aʼzo davlatlar tomonidan har tomonlama oʻrganilib, bugun davr talabi ekani eʼtirof etilib, BMT tomonidan rezolyutsiya qabul qilindi. Bu – Oʻzbekiston tashabbusi, qarashlari, yuritayotgan siyosati dunyo uchun naqadar muhim ekanidan dalolatdir. Bugun mamlakatimiz tashabbusini dunyo eʼtirof etmoqda.

Nuriymon ABULHASAN, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari:

– Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbus BMT tomonidan qabul qilingani olamshumul voqea boʻldi. Mazkur tashabbus uchun Oʻzbekiston ham tarixan, ham maʼnan xaqli desak yanglishmaymiz, bunga tarixdan misollar koʻp. Yurtimiz hududida diniy nizolar kuzatilmagan, shu bilan birga bugungi kunda Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi har qanday kishi diniy bagʻrikenglik muhiti boshqa davlatlarga namuna boʻlarli darajada ekanini eʼtirof etadi. Maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi natijasida endi BMTga aʼzo davlatlar taʼlim muassasalarida dinning insonparvarlik mohiyati targʻib etiladi. Har bir aʼzo davlat bu borada oʻziga majburiyat oladi. Ushbu davlatlarda bundan buyon din hech qanday zoʻravonlik bilan bir safga qoʻyilmaydi. Ekstremizm, terrorizm soʻzlari din bilan bogʻlanmaydi. Chunki, Prezidentimiz 72-sessiyada aytib oʻtganidek, islom terrorizmni qoralaydi va islomni biz terrorizm bilan bogʻlashimiz mumkin emas. Shunday ekan, baʼzi davlatlarda islomga terrorizm libosini kiydirishga harakat qilinayotgan bir paytda ushbu rezolyutsiya kelgusida barcha mamlakatlarga maʼrifat bilan va diniy bagʻrikenglikni rivojlantirish orqali dunyoda tinchlikni saqlab qolish mumkin, degan shior ilgari suriladi.

 

OʻzA