Adliya vazirligi — yangicha qarash, ishlash va yangi tashabbuslar bosqichida

Jamiyatimizda huquqning oʻrni qanday? Fuqarolarimizning huquqiy huquqiy ong va huquqiy madaniyati darajasi yuqorimi? Biz davlat, xalq sifatida jamiyatni boshqarishda, fuqarolarning oʻzaro munosabatlarida qonunlarga qanchalik rioya etamiz? Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatining yuqori boʻlishi mamlakat taraqiyotiga yoki har bir fuqaroning hayot darajasiga qanchalik taʼsiri bor?.. bu kabi savollarni yana koʻplab davom ettirishimiz mumkin.

Bu savollarga javobni esa mamlakatimizning Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida aytilgan soʻzlar bilan bermoqchimiz. Yaʼni, Prezident oʻz maʼruzasida “Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki, unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas, balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart.” deb aytdilar.

Shuningdek, maʼruzada mutasaddi idoralarning jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirayotgan faoliyati tanqidiy baholanib, bu sohada mavjud muammolar va qilinishi kerak boʻlgan asosiy vazifalarga eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz islohotlar samarasini taʼminlash uchun oldimizda turgan asosiy vazifalarga eʼtibor qaratib, qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga oʻz muddatida yetkazib berish, ularni amalga oshirishni qatʼiy taʼminlash masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Mamlakat taraqiyoti uchun murim boʻlgan islohotlar qabul qilinayotgan qonun, farmon, qaror va boshqa normativ hujjatlar orali hayotga tadbiq qilinadi. Ular amalda toʻliq va bir xilka bajarilsagina islohotlar oʻz samarasini beradi.

Shunday ekan mamlakatimiz taraqiyoti jamiyatimizdagi huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuqori boʻlishi bilan bevosita bogʻliqdir.

Umumiy madaniyatning ajralmas tarkibiy qismi boʻlgan huquqiy madaniyatning negizini huquqiy ong, huquqiy tafakkur tashkil etadi. Huquqiy ong shaxsning jamiyatdagi oʻrnini belgilaydi. Jamiyat aʼzolarining huquqiy ongi qanchalik yuqori boʻlsa, huquqiy normalarda belgilangan talablarning bajarilishi ham shunchalik toʻliq va aniq boʻladi.

Huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun, eng avvalo, huquqiy taʼlim va tarbiya, boshqacha aytganda huquqiy maʼrifatni takomillashtirish zarur.

Huquqiy maʼrifatning asosiy maqsadi shaxsda huquqiy ongni shakllantirish, yaʼni huquqiy normalarning mazmun-mohiyatini bilish, ularga hurmatni va ixtiyoriy, ongli ravishda rioya qilishni tarbiyalash boʻlib, u bosqichma-bosqich berilishi lozim.

Zamon shiddati jadal, dunyo ham, undagi jamiyatlar ham tez oʻzgarmoqda. Biz esa koʻp yillar davomida bu oʻzgarishlar shiddatini quvib yetolmadik. Albatta, odamlarimizning ongi, dunyoqarashi oʻzgardi. Ammo huquqiy madaniyat darajasi kutilganidek yuksalmadi. Bu bir qancha omillarga bogʻliq.

Oʻtkazilgan soʻrovlar hamda fuqarolarning murojaatlaridan koʻrinadiki, aksariyat aholi qatlami elementar huquqiy bilimga ega emas. Kundalik hayotda kerak boʻladigan oddiy huquqiy tushunchalarni bilmaydi.

Huquqiy madaniyatimizning naqadar nochorligi, ayniqsa, biron favqulodda vaziyat yuzaga kelganda bilinib qoladi. Marketing maqsadlarida oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda yoki yoʻllarda yuzaga kelgan tirbandliklarda, navbatda turganda yoki birov bilan u yoki bu masallarda ahdlashuvlarga rioya qilish jarayonida huquqiy madaniyatimiz oʻz “qiyofasini” namoyon qilib qoʻyadi.Biz oddiygina navbatda turish yoki maxsus yoʻlakchadan piyodani oʻtkazib yuborishni bilmaymiz.

Aholida huquqiy ongning yetarli emasligi oqibatida maishiy korrupsiyani toʻliq yoʻqota olmayapmiz. Korrupsiya noqonuniy harakat ekanini hamma biladi, ammo oddiy fuqarodan yuqori mansabli amaldorlargacha pora oldi-berdisi ustida ushlanayotgani achinarli holdir.

Bularning bari, avvalo, qonunni bilmaslik, qolaversa, bilib turib ham uni mensimaslik, rioya etmaslik oqibatidir.

Biz uzoq yillar davomida masalaning mohiyatini oʻrganmadik. Yigirma bir yil oldin qabul qilingan huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish toʻgʻrisidagi Milliy dastur ijobiy natija bermadi. Chunki unda aniq vazifalar qoʻyilmagan, maqsadga erishishning monitoring va baholash tizimi mavjud emas edi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish nazarda tutilmagandi.

Huquqiy tarbiya oilada, bogʻchada, maktabda, litsey-kollejlarda va oliy taʼlim muassasalarida olib borilishi kerakligi shubhasiz. Lekin tarbiya faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Tarbiya shu bilimlarni amalda qoʻllash, ulardan foydalanishni ham oʻrgatishi kerak. Bizda uzoq yillar konstitutsiya kuniga sheʼr yodlatish, konstitutsiyaning necha bobu qancha banddan iboratligini bildirib qoʻyishdan iborat yuzaki “tarbiya” jarayoni kechdiki, natijada biz huquqiy bilimlarni nazariy jihatdan u yoki bu darajada biladigan, ammo funksional jihatdan ularni qoʻllamaydigan avlodni tarbiyaladik.

Qonunlar ularga rioya qilish uchun qabul qilinadi, buzish uchun emas. Qonunga rioya qilish uni buzishdan koʻra foydaliroq. Buni obrazli tarzda quyidagi misol bilan tushuntirish mumkin.

Belgilari qoʻyilgan, harakat tartibga solingan toʻgʻri yoʻldan ketayotib haydovchi tirbandlikka duch keldi. Oldida ikki yoʻl bor: ozgina vaqt yoʻqotsa ham, qoidaga rioya qilib ravon yoʻldan ketish yoki qoidani buzib, aylanma yoʻllardan yurib, oʻzini va avtoulovini xatarga qoʻyish, shu bilan birga ortidan boshqalarni ham ergashtirib, yangi muammolarni yaratish. Avtoulov haydovchisi bir marta shu usulda ishini tez bitirib ketishi mumkin, ammo bu bilan oʻzi uchun yangi muammolar yaratganini bilmaydi. Chunki ertaga yana shu yerga yoʻli tushadi, endi u ochgan aylanma yoʻllar ham uni qutqarmaydi, chunki u yoʻl ikkinchi marta yurishga yaramaydi. Toʻgʻri yoʻlni esa oʻzi unutgan.

Qonun nima uchun kerakligini, unga amal qilishdan oʻzi va farzandlari, kelajagi uchun qanday foyda borligini odamlarga anglatmagunimizcha, huquqiy savodsizlik, huquqiy madaniyatsizlik va huquqiy ongsizlik bilan kurashimiz samara bermaydi.

Huquqiy taʼlim va huquqiy tarbiyani kampaniya tarzida, nomigagina emas, balki maʼlum maqsadni koʻzlab, rejali va samarali tarzda olib borish lozim.

Shunga koʻra, aholining huquqiy bilimni oshirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha strategiyani tubdan oʻzgartirish lozim.

Avvalo, jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha 5 yilga moʻljallangan konsepsiya ishlab chiqish lozim. Unda barcha tashkilotlar oldiga aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishni ustuvor vazifa qilib belgilash zarur.

Adliya vazirligi tashabbusi bilan 2019‒2024 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi ishlab chiqilib, uni samarali amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” belgilanmoqda.

Konsepsiya fuqaro, jamiyat va davlatning oʻzaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyati yuksaltirish, huquqiy targʻibotning innovatsion usullarini joriy qilish, aholining huquqiy madaniyatining yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, yuridik taʼlimni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish kabi ustuvor vazifalarni oʻzida qamrab oladi.

Oldimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etishday ulkan vazifa turibdi. Buning uchunhuquqiy sotsiologiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etiladi.

Shuningdek, huquqiy fanlarni rivojlantirishning ilmiy asoslangan rejalarini ishlab chiqish va uning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash zarur. Huquqiy madaniyatning mohiyati, mazmuni, tarkibiy tuzilishi va namoyon boʻlishining falsafiy, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va yuridik muammolarini tadqiq etish, uni shakllantirish va yanada yuksaltirish usullarini aniqlashga qaratilgan ilmiy izlanishlar kutib turibdi olimlarimizni.

Aholining huquqiy bilimini oshirishni “oila – bogʻcha – maktab – mahalla – tashkilot – jamiyat”prinsipida tashkil qilish lozim. Shunda biz olib borayotgan ishlarda uzviylik taʼminlanadi.

Xorijda “Street law”(koʻcha huquqi)degan tushuncha bor. Bu koʻchada huquqiy targʻibot yoki oddiy huquq degan maʼnoni bildiradi.“Street law”–interaktiv oʻqitish metodologiyasidan foydalangan holda aholining keng qatlamlariga amaldagi qonunlarni oʻrgatishdir. Bunda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan volonterlar tomonidan jamoat joylarida odamlarga turli hayotiy vaziyatlarning huquqiy yechimi koʻrsatib beriladi, shu orqali ularning huquqiy bilimlarini oshirishga erishiladi. Bizda ham shu tizimni joriy etish vaqti keldi.

Shuningdek, huquqiy maʼlumotlarni aholiga tushunarli va qulay tarzda yetkazishni taxminlaydigan milliy huquqiy internet portalini yaratish lozim. Bunda qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, barcha milliy huquqiy saytlar, huquqiy elektron kutubxona va boshqa huquqiy maʼlumotlar boʻladi.

Adliya vazirligi bolalar uchun maxsus huquqiy sayt yaratish ustida ish olib borayapti. Unda bogʻcha va maktab yoshdagi bolalarga odob-axloq qoidalari va huquq boʻyicha boshlangʻich bilimlar, Konstitutsiyani oʻrgatishga oid ilk tushunchalar ertak qahramonlari yordamida tushuntiriladi. Saytga huquqni targʻib qiluvchi turli xil oʻyinlar, mashgʻulotlar joylashtiriladi.

Huquqiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy yoʻnalishdagi sahifalar, bloglar sonini koʻpaytirishimiz lozim. Adliya vazirligining telegram ijtimoiy tarmogʻida “Huquqiy axborot” kanali tashkil etilgandan qisqa vaqtda obnuachilari soni 130 ming nafardan oshganlik halqimizning huquqiy axborot olishga ehtiyoji kattaligidan dalolat beradi. Yaqinda ingliz tilidagi “Legal info” telegram kanali ham ishga tushirildi. Bunday axborot resurslarini yoʻnalishlar boʻyicha masalan, migrantlar uchun alohida, yoʻl harakati ishtirokchilari uchun alohida va hokazo koʻpaytirishimiz lozim.

Aholiga bepul maslahat berish portalini oʻz ichiga olgan Advice.uz huquqiy axborot tizimini yaratish ishlari olib boryapmiz. Bu kabi portal Buyuk Britaniyada mavjud boʻlib, unda huquqiy maʼlumotlar maʼlum klassifikator asosida sodda tilda joylashtirilgan.

Advokatlar va advokatlik tuzilmalari tomonidan bepul ixtiyoriy yuridik yordam koʻrsatish (pro bono) tizimini ishlab chiqyapmiz.

Muammoli masalalar, xususan, migratsiya, moddiy yordam, yer olish, uy-joy olish, kommunal masalalar, imtiyozlar, aliment, ishga joylashish, taʼlim olish va boshqalar boʻyicha huquqiy axborotni step by step (qadamma-qadam) usulida buklet, flayer, liflet va plakatlar shaklida aholiga yetkazish ustida ham ishlayapmiz.

Korrupsiya, halollik, toʻgʻrilik, qonunga hurmat, adolat tantanasi mavzularida targʻibot materiallari, didaktik materiallar, multiplikatsion hamda qisqa metrajli filmlar tayyorlash ishlari olib boryapmiz.

Bugungi kunda aholining koʻpchilik qismi televideniyeni kuzatib boradi. Shunga koʻra biz elektron OAVda huquqiy targʻibotni faol amalga oshiryapmiz. Masalan, oʻz huquqlarini sud yoki boshqa tashkilotlar yordamida himoya qilishga erishgan fuqarolar tajribasini ommalashtirish maqsadida maxsus telereportajlar tayyorladik.

Qonun tili – murakkab til. Biz qonunlarni aholiga tushunarli, sodda, ravon tilda, yaʼni moslashtirib taqdim etyapmiz. Shuningdek, uyma-uy yurib, aholi bilan bevosita suhbatlar qilish, huquqiy maslahatlar berish orqali qonunlarni targʻib qilyapmiz.

Qonun hujjatlarining mohiyatini aholiga yetkazishda jurnalistlarning ahamiyati katta. Ammo koʻpincha OAV xodimlarining oʻzi qonunlarni yaxshi tushunmasligi, yetarlicha targʻib qilmasligi yoki notoʻgʻri talqin qilishi oqibatida qator tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Odamlar islohotlarning mazmun-mohiyatini yetarlicha anglab yetmayapti.

Shu munosabat bilan biz har juma kunlari jurnalistlar va OAV xodimlari uchun “Adliya axboroti” brifingini oʻtkazib kelmoqdamiz. Brifing va undan keyin muntazam tashkil etiladigan matbuot anjumanida OAV hamda masʼul organlar oʻrtasida oʻzaro bevosita muloqot boʻlib, qonun hujjatlarini toʻgʻri anglashga yoʻl ochilmoqda.

Huquqiy targʻibotni kabinetda oʻtirib amalga oshirish yetarli samara bermaydi. Shu sababli Adliya vazirligi markaziy apparati hamda hududiy adliya organlari doimiy ravishda aholi orasiga chiqib huquqiy targʻibotni amalga oshirishi lozim.

Oldimizda huquqiy targʻibotning yanada taʼsirchan usullarini tatbiq etish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha ulkan vazifalar turibdi. Albatta, hozirga davr va sharoit har birimizdan “huquqiy targʻibotchi” boʻlishimizni talab etadi.

Bu masalada har bir idora, har bir davlat xizmatchisi va har bir fuqaro bosh qotirishi va ishlashi zarur.

Akbar Tashqulov,

Adliya vaziri oʻrinbosari

 

O’zA