Prezidentimiz Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻi qurilishi bilan tanishdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni Qarshi shahrida bunyod etilayotgan «Vatanparvarlar” bogʻiga bordi. 
Davlatimiz rahbari joriy yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Qarshi shahridagi Islom Karimov koʻchasida joylashgan “Bolalar” bogʻi nomini “Vatanparvarlar” deb oʻzgartirish, bu yerda ana shu sharafli nomga uygʻun ruhda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish yuzasidan topshiriq bergan edi.
Yurtimizda sadoqatli, jamiyatga daxldorlik hissi, harbiy-vatanparvarlik tuygʻusi yuksak yosh avlod voyaga yetmoqda. Bu jarayonda milliy armiyamiz tizimida amalga oshirilayotgan koʻtarinki ruhdagi islohotlar muhim omil boʻlmoqda, yoshlarning harbiy sohaga qiziqishi va intilishi kuchaymoqda.
Bogʻni barpo etishdan koʻzlangan maqad yoshlarda tariximiz va madaniyatimizdan gʻururlanish tuygʻusini kuchaytirish, Vatan ravnaqi yoʻlida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz nomini abadiylashtirish, milliy armiyamiz qudrati va salohiyatiga boʻlgan ishonchni kuchaytirishdan iborat.
Qariyb 7 gektar hududdagi “Vatanparvarlar” bogʻi oʻtgan qisqa fursat ichida ana shu islohotlarga hamohang tarzda yangi qiyofa kasb etmoqda. Bu yerda 2018-2019 yillarda 29,3 milliard soʻmlik rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish moʻljallangan. Ayni paytda 15,4 milliard soʻmlik ishlar bajarilgan.
Bogʻdagi sunʼiy koʻl, kirish darvozasi, amfiteatr, harbiy xandaq, qoyada toshga chiqish, oʻq otish joyi va lukodrom qurilishi yakunlangan. Muzey qurilishi tugallanish arafasida, parashyutdan sakrash minorasi qurilishi, koʻkalamzorlashtirish ishlari jadal davom etmoqda.
Bu yerda Oʻzbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy, balki barcha sohalarda ximoya qilishga tayyor turish hamda Qurolli Kuchlarimizning qudratini hayotiy misollar va taʼsirchan koʻrgazmali vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borishga alohida eʼtibor qaratilgan.
0a90c7db-ad5c-25dd-d28e-5c4d5b1af4d9.jpg
Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan, turli yillarda xizmat qilgan 24 ta harbiy texnika maketi bogʻ hududiga oʻrnatilgan. Maxsus tayyorlangan harbiy handaqda Ikkinchi jahon urushida mardonavor jang qilgan vatandoshlarimiz haqida maʼlumotlar berilad.
Bundan tashqari, bogʻda Oʻzbekiston milliy xaritasi viloyatlar kesimida maket tarzida joylashtirilgan. Unda har bir viloyatning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor togʻlari, hududidan oqib oʻtuvchi daryolari, bepoyon kengliklarigacha aks ettirilgan. Muxtasar aytganda, bu yerga tashrif buyuruvchilar Oʻzekistonimiz hududlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻladi.
Bogʻ atrofida qurilgan 4 ta zamonaviy koʻp qavatli turar joy, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy yopiq suzish havzasi hudud goʻzalligini yanada oshiradi.
Davlatimiz rahbari “Vatanparvarlar” bogʻida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari bilan tanishar ekan, uni yanada zamonaviylashtirish, mavjud imkoniyatlardan, innovatsion gʻoyalardan unumli foydalanish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Shunday boʻlsinki, bu maskan yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktab oʻquvchilarining harbiy kasbga boʻlgan qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.
9318c09d-6ea7-92eb-a12a-f5219c9ffcba.jpg
3bb42383-4a7d-6d54-cfee-755b302bcd59.jpg

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA