Shavkat Mirziyoyev: Mehnatsiz, mashaqqatsiz natijaga erishib boʻlmaydi

Qarshi shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, sektorlar rahbarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtmoqda. 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi bozorlarga chiqish, har bir sohani isloh qilishdan maqsad xalqimiz manfaatini taʼminlash ekanini taʼkidladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
– Mana koʻryapsizlar, deyarli har kuni farmon, qaror chiqyapti. Ularning ustida tashkilotlar, ekspertlar oylab, yillab ishlaydi. Bu farmon, qarorlarni ishlab chiqish azob. Ularni amalga oshirish oʻn karra azob, – dedi davlatimiz rahbari.
Joylardagi ijro organlari sustkashlikka, jamoatchilik ulardan talab qilishda befarqlikka yoʻl qoʻyayotgani tanqid qilindi.
– Xalqimiz yaxshi yashashini, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqishni istaymiz. Lekin hech kim mehnatsiz, mashaqqatsiz natijaga erishmagan, erisholmaydiyam! Prezident kelib yoʻnalish beradi, vazifa qoʻyadi. Ularni kim amalga oshiradi? Odamlar qachon uygʻonadi? Biz ancha narsada kechikkanmiz. Agar endiyam uygʻonmasak oldimizga qoʻygan katta maqsadlarimizga yetolmaymiz. Birov kelib biz uchun hech narsa qilib bermaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz dunyodagi raqobatga munosib boʻlish, birni ikki qilish uchun har bir rahbar, har bir yosh har kuni oʻqishi, oʻzini qiynashi, izlanishi kerakligini taʼkidladi.
Yigʻilishni videoselektor orqali keng jamoatchilik vakillari kuzatib bormoqda.

 

OʻzA