Kadrlar xizmati: kimlarni qisqartira oladi?

Korxonaning kadrlar xizmati qanday mezonlarga amal qilishi lozim? Ekspert Abdusalom Risqullayev ushbu savolga javob berdi, deb yozmoqda Norma.
– Shtatni qisqartirish – xodimlarning sifat jihatdan tarkibini yaxshilash usullaridan biri. Shu sababli ishda qoldirish uchun imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq boʻlgan xodimlarga beriladi. Kadrlar boʻlimi xodimlari Mehnat kodeksining 103-moddasiga amal qilsalar, amaldagi qonunchilikni buzmasdan rahbariyat topshirigʻini bajarishlari oson boʻladi.
Malakasi va mehnat unumdorligi bir xil boʻlgan taqdirda quyidagilarga afzallik beriladi. Qaramogʻida ikki yoki undan ortiq kishi boʻlgan xodimlarga, oilasida undan boʻlak mustaqil ish haqi oluvchi boʻlmagan shaxslarga, koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarida tegishli mutaxassislik boʻyicha malakasini oshirayotgan xodimlarga va ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlarini tamomlagan shaxslarga oʻqishni tugatgandan soʻng mutaxassisligi boʻyicha ishlayotgan taqdirda ikki yil mobaynida qisqartirib boʻlmaydi.
Shuningdek, mazkur korxonada mehnatda mayib boʻlib qolgan yoki kasb kasalligini orttirgan, urush nogironlari, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga, atom obyektlaridagi falokatlar oqibatida kelib chiqqan nurlanish kasalligi va boshqa kasalliklarga yoʻliqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga ham bu imtiyoz berilgan.
Bu yoʻnalishda roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Misol uchun, nogironligi atom obyektlaridagi falokatlar munosabati bilan boshlanganligi aniqlangan nogironlarga, ana shunday falokatlar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlari qatnashchilariga, shuningdek, mazkur zonalardan evakuatsiya qilingan yoki koʻchirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Jamoa shartnomasida xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan yana boshqa holatlar nazarda tutilishi mumkin. Korxonada yuqorida sanab oʻtilgan mezonlarga toʻgʻri keladigan xodimlar boʻlmagan taqdirdagina bu holatlar inobatga olinadi.

 

OʻzA