Yoshlar ijod saroyida “Oʻzbek kinosi tarixi“

Poytaxtimizda “PROlogue-2018“ xalqaro kinofestivaliga start berildi. Yoshlar ijod saroyida festival doirasidagi ilk tadbir – “Oʻzbek kinosi tarixi“ deb nomlangan fotokoʻrgazma tashkil etildi.

Milliy kino sanʼatimizning bosib oʻtgan tarixiy yoʻli haqida hikoya qiluvchi ushbu fotokoʻrgazmada 70 fotosurat namoyish etilmoqda. Jumladan, 1925 yilda “Sharq yulduzi“ kinofabrikasi nomi bilan faoliyat boshlagan hozirgi “Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida suratga olingan ilk oʻzbek badiiy filmlari – “Oʻlim minorasi“, “Ikkinchi xotin“ kabi kartinalar tarixidan soʻzlovchi suratlar namoyish etildi.

Ayni paytda bu yerda oʻtgan asrning “Mahallada duv-duv gap“, “Toshkent – non shahri“, “Shum bola“, “Yettinchi oʻq“, “Kelinlar qoʻzgʻaloni“, “Siz kimsiz?“, istiqlol yillarida yaratilgan “Vatan“, “Sabot“ kabi filmlardan lavhalar aks etgan fotosuratlar bilan tanishish mumkin.

Tadbirda “Oʻzbekkino“ milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov va boshqalar mamlakatimizda milliy kino ravnaqi yoʻlida koʻrsatilayotgan ulkan eʼtibor ijodkorlarni yanada koʻproq masʼuliyat bilan ishlashga chorlayotganini taʼkidlashdi.

Shuningdek, bu yerda kinofestival tashkilotchilari hamda hakamlar hayʼati ishtirokidagi matbuot anjumani, toʻliq metrajli badiiy filmlar tanlovi doirasida qirgʻizistonlik kinoijodkorlarning “Tungi avariya“ kartinasi hamda “Ovozsiz oʻzbek kinosining tarixi“ hujjatli filmining tanlovdan tashqari namoyishi boʻlib oʻtdi.

6-faqat saytga.JPG

7.JPG
10.JPG
15.JPG
17.JPG
19.JPG

 

N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), OʻzA