Eng yaxshi media-mahsulot uchun avtomobil va Oʻzbekiston boʻylab VIP-tur taqdim etiladi

X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivali Oʻzbekiston madaniy-tarixiy merosi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan eng yaxshi roliklar uchun tanlov eʼlon qiladi.

Tadbirni oʻtkazishdan asosiy maqsad – Oʻzbekiston madaniy-tarixiy merosi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirish orqali ommaviy axborot vositalari ijodkorlari hamda ijodkorlarni ragʻbatlantirishdan iborat.

Tanlov 3 ta nominatsiya boʻyicha oʻtkaziladi:

• “Madaniy-tarixiy Oʻzbekiston” /“Kulturno-istoricheskiy Uzbekistan”/ Mustsee

• “Oʻzbekiston – turistik maskani” /“Turisticheskiy Uzbekistan”/ Welcome to Uzbekistan/

• “Gastronomik Oʻzbekiston”/ “Gastronomicheskiy Uzbekistan”/ Tasteme

Eng yaxshi asarlarni aniqlash uchun festivalning Ekspert guruhi tashkil etildi. Tanlov natijalariga koʻra, ekspert guruhi tomonidan har 3 ta nominatsiya boʻyicha 3 tadan, jami 9 ta videorolik tanlab olinadi.

Joriy yilning 10 dekabr kuni festival ishtirokchilari hamda mehmonlari ishtirokida hakamlar hayʼati tomonidan jonli ovoz berish orqali gʻoliblar aniqlanadi. Tanlovning har 3 ta nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan 3 nafar final ishtirokchisi festival gran-prisi sanalmish bosh sovrin – “Spark” avtomobili uchun nomzod etib belgilanadi. Hamkamlar tomonidan jonli ovoz berish orqali gʻolib deb topilgan ishtirokchiga bosh sovrin beriladi.

photo5460985268745120285.jpg

Festivalga, shuningdek, xorijiy ishtirokchilarning roliklari ham qoʻyiladi. Ekspert guruhi tomonidan eng yaxshi deb topilgan 3 ta rolik onlayn ovoz berish orqali aniqlanadi. Tanlovda gʻolib boʻlgan xorijlik ishtirokchi uchun asosiy sovrin – VIP-tur – Oʻzbekistonning eng koʻp oʻrganilmagan, sirli va muqaddas joylariga tashrif buyurish imkoniyati yaratiladi. VIP-tur tashkilotchisi – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi.

Eng yaxshi roliklar mualliflari X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalining qimmatbaho sovgʻalari va esdalik diplomlari bilan taqdirlanishadi.

Tanlovga faqatgina mualliflik hisoblangan, davomiyligi 2 daqiqagacha boʻlgan, oʻzbek va rus tillaridagi roliklar qabul qilinadi.

Tanlovda qatnashish istagini bildirganlar oʻz ishlarini X.fest.products@gmail.com pochta manziliga bogʻlanish shaklida yoki ixcham shaklda yuborishlari soʻraladi.

Ijodiy ishlar shu yilning 7-dekabriga qadar qabul qilinadi.

Festival Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi hamda YUNЕSKO tomonidan tashkil etilmoqda.

 

OʻzA