Anqarada Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamkorligida Turkiyaning yetakchi tadqiqot markazlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazida tashkil etilgan davra suhbati davomida 2017-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida hamkorlikning yangi davrini boshlab berganligi taʼkidlandi. Toshkent va Anqara oʻrtasidagi munosabatlar strategik, koʻp qirrali va uzoq muddatli tus olganligi eʼtirof etildi.

Shuningdek, turkiyalik ekspertlar qayd etganlaridek, ikki davlat rahbarlarining ikki tomonlama strategik hamkorlik kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorlari Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Shu jihatdan mazkur Kengashning 2019-yilda boʻlib oʻtadigan birinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Anqaraga rasmiy tashrifini Turkiya tomoni intiqlik bilan kutmoqda.

Umumiy qilib aytganda, yildan yilga davlatlarimiz oʻrtasida savdo hajmi oʻsib, viza tizimining bekor qilinganligi sababli turkiyalik sayyohlar soni ham ortdi. Shu bilan bir qatorda davlatlarimiz oʻrtasida yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA