Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati

Oʻzbekiston Musulmonlari idorasiga qarashli “Shayx Zayniddin” jomeʼ masjidida Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan diniy soha vakillari uchun “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz kafolati” mavzuida oʻquv-seminari tashkil etildi.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, roʻy berayotgan barcha oʻzgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida eʼtirof etilishini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari, Toshkent shahar bosh imom-xatibi, xalqaro Islom fiqhi akademiyasi, Musulmon olimlari oliy hayʼati aʼzosi shayx Abdulaziz Mansur yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va bagʻrikenglik muhiti, barcha millat va elatlarning ahil-inoq, hamjihatlikda hayot kechirishida Bosh Qomusimizning tutgan oʻrni haqida soʻz yuritar ekan, baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda Vatanimizga, muqaddas dinimizga, milliy qadriyatlarimizga nisbatan amalga oshirilayotgan mafkuraviy tahdidlarga qarshi maʼrifiy kurashni izchil davom ettirishimiz zarurligini alohida taʼkidladi.

Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini taʼminlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Asosiy qonunimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini keng targʻib etishda barcha ziyolilar, diniy soha vakillari hamqadam boʻlishimiz maqsadga muvofiq,– deydi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti dotsenti Toʻlqin Eshbekov. – Yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuygʻularini joʻsh urdirish, Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash asosiy burchimizdir.

Oʻquv-seminarida tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

photo5472053932042856945.jpg

 

Inobat Ahatova, OʻzA