Oʻzbekiston va Singapur hamkorligida “Aqlli shahar” loyihasi amalga oshiriladi

Avval xabar berganimizdek, mamlakatimizda turizm sanoatini rivojlantirish hamda turizm sohasiga xalqaro kompaniyalarni jalb etish maqsadida poytaxtimzda 19-21 noyabr kunlari Turizm sohasida birinchi xalqaro investitsiya forumi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitalari tomonidan mamlakatimiz Tashqi ishlar, Tashqi savdo vazirliklari hamda Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda dunyoning 48 mamlakatdan 300 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Forum doirasidagi tadbirlar mahalliy va dunyoning 15 mamlakatidan kelgan OAV vakillari tomonidan keng yoritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan Singapurning “Universal Success Enterprises” kompaniyasi oʻrtasidayurtimizda “Aqlli shahar” barpo etish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolangani forum doirasida erishilgan muhim kelishuvlardan biri boʻldi.

Maʼlumot oʻrnida, “Universal Success Enterprises” kompaniyasi aqlli va sanoatlashgan shaharlar loyihalarini yaratish boʻyicha dunyoda yetakchilardan hisoblanadi. Hindistonda 152 gektar maydonda bunyod etilgan “Kolkata West International City” va400 gektar hududda qad rostlagan “Dholera Special Investment Region” shaharlari ham ushbu kompaniya muhandislari tomonidan loyihalashtirilgan.

 

Z.Mirzaboyeva, OʻzA