Buyuklar nomini avaylang!

MATBUOT NASHRLARIDA
Biroz oldin internet tarmogʻi orqali xonanda Sardor Rahimxon ijrosida “Bibixonim” nomli qoʻshiq aylana boshlagan edi. Avvaliga, qoʻshiqni tinglab, birorta “Bibixon” ismli qizga bagʻishlanibdi-da, degan xayolga bordim. Ammo klipni koʻrgach, hafsalam pir boʻldi…
Saroymulkxonim. Buyuk sohibqiron Amir Temurning eng suyukli rafiqalaridan biri sifatida bizga tarixdan maʼlum. Temur Saroymulkxonimning xon avlodiga mansubligini inobatga olib, uni Bibixonim (Katta xonim) etib tayinlagan. Chunki Saroymulkxonim juda aqlli, farosatli, tadbirkor ayol boʻlgan. Albatta, tarixchilar tili bilan aytganda, yer kurrasining yarmini titratgan Sohibqironning rafiqasi boʻlish, shu bilan birga, temuriylar tarbiyasini oʻz zimmasiga olish har qanday ayolga sharafli vazifa boʻlur edi.
Mana necha asrlar oʻtibdiki, Bibixonim haqida turli afsona va ibratli hikoyalar tildan-tilga koʻchib kelmoqda. Xususan, “Malika va Usta”, “Yosh nihollar” kabi hikoyatlar Bibixonim shaxsiyatini teranroq anglashga xizmat qiladi. Masalan, “Malika va Usta”da hikoya qilinishicha, 1399 yilda Hind safaridan zafar bilan qaytgan Sohibqiron Temur juda katta masjid va madrasa qurish ishlariga rahbarlik qilishni Bibixonimga topshiradi. Taʼmirlash jarayonida yosh meʼmor Bibixonimni sevib qolib, oʻpich soʻraydi. Shunda zukko Bibixonim vaziyatni taranglashtirmaslik uchun turli ranglarga boʻyalgan tuxumlarni kanizagi orqali ustaga yuborib, “poʻsti archilsa, hammasining mazasi bir”, degan javob bilan temuriylar or-nomusini saqlab qoladi.
Biroz oldin internet tarmogʻi orqali xonanda Sardor Rahimxon ijrosida “Bibixonim” nomli qoʻshiq aylana boshlagan edi. Avvaliga, qoʻshiqni tinglab, birorta “Bibixon” ismli qizga bagʻishlanibdi-da, degan xayolga bordim. Ammo klipni koʻrgach, hafsalam pir boʻldi.
Mehrdan yaralgan malak, yulduzim Bibixonim,
Gulyuzim Bibixonim.
Visoling men uchun falak, yulduzim Bibixonim,
Gulyuzim Bibixonim…
Gulim yuragimni toʻkib qoʻyding-ku,
Olib qoʻyding-ku.
Koʻzlarimni nigohing bogʻlab qoʻydi-ku,
Ovlab qoʻydi-ku…
Nahotki, Saroymulkxonimga — koʻragoniylar sulolasi onasiga shunday joʻn va koʻcha soʻzlari bilan murojaat etish mumkin? U axir Mirzo Ulugʻbek kabi butun bashar olimining qoʻliga kitob tutqazgan ayolku!
Klipni koʻrmaganlar “Amir Temur nomidan aytgandirda?!”, deyishi mumkin. Biroq bizning qonimizda bunaqa quruq romantika boʻlmas-ov!
Suratga olish ishlari Samarqanddagi Registon maydonida boʻlib oʻtgan. Uning tasvirga olish ishlarini bevosita kuzatganim tufayli jarayonga toʻxtalishni lozim topdim. Klip gʻoyasi yuqorida taʼkidlangan “Bibixonim va usta”ning oʻzginasi. Ammo suratga olish ishlarida Bibixonim toʻlaligicha xiyonatkor ayol obrazida namoyon boʻladi. Nazarimda, xonanda — Usta! Ular madrasa maketi orqali zamonlar osha oshiq-maʼshuqqa aylangani hammasidan oshib tushdi. Bir payt Sohibqiron kelib qoldi-yu, madrasa maketini parcha-parcha qilib tashladi. Bibixonimning xayoli esa hamon “usta”da.
Mana sizga bugungi shou-biznesning olamshumul “moʻjizasi”.
Begali Eshonqulov
“Jamiyat” gazetasi

 

OʻzA