“Debyut – 2018” koʻrik-festivali gʻoliblari

Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida “Debyut – 2018” V respublika koʻrik-festivali gʻoliblarini tantanali taqdirlashga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev mamlakatimizda milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni yanada rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari yangi tashabbuslar, ilgʻor gʻoyalarga zamin yaratayotganini taʼkidladi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, teatrlarimizning ham moddiy-texnik bazasi holatini atroflicha oʻrganish, ularni taʼmirlash va zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan taʼminlash, samarali ijodiy faoliyat uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha katta hajmdagi ishlar bajarilmoqda.

Ayni paytda ushbu hujjatda “Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Debyut” kabi teatr sanʼati koʻrik-festivallari samaradorligini oshirish orqali buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlari obrazi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratishdek masʼuliyatli vazifalar belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida oʻtkazilgan “Debyut – 2018” V respublika koʻrik-festivali teatr sohasida salohiyatli yoshlarni aniqlash, ularni qoʻllab-quvvatlash, ijodini muxlislarga yaqindan tanishtirish borasidagi shunday loyihalardan sanaladi.

Bu galgi koʻrik-festivalda yurtimizning 17 ijodiy jamoasidan 17 nafar iqtidorli yosh rejissyor oʻzi sahnalashtirgan spektakl bilan ishtirok etdi. Taqdim etilgan sahna asarlarning badiiy jihatdan pishiq va mukammalligi, ularda ezgu gʻoyalarning talqini, rejissyorlik, ijro mahorati, sahnaviy dekoratsiyalarning koʻrkamligi kabi jihatlarga asosiy eʼtibor qaratildi.

Birinchi oʻringa Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining yosh rejissyori Muxtar Reymov “Luvr oʻrdagi” spektakli uchun munosib topildi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatridan yosh rejissyorRavshan Choriyev “Oppogʻoy va yetti gnom” nomli spektakli uchun ikkinchi oʻringa loyiq topildi. Uchinchi oʻrin Xorazm viloyati musiqali drama teatrining yosh rejissyori Jurʼatbek Sotiboldiyevga “Sulton Jaloliddin” spektakli va Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri yosh rejissyori Dostonbek Xudoyberdiyevga “Qobil ila Hobil” cpektakli uchun berildi. Gʻoliblarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

photo5449759774716570002.jpg

photo5449759774716570003.jpg

 

N.Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), OʻzA