“Sciencethon” dasturi – orzular roʻyobi

Poytaxtimizdagi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilgʻor texnologiyalar markazida yuqori texnologiyali, kichik startap kompaniyalar uchun “Sciencethon” dasturi boʻyicha Innovatsion startap akselerator va inkubator tashkil etildi. Unda yosh tadbirkorlar, startap va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda startaplarni joriy etish, ularni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro miqyosda ommalashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 11 sentyabrdagi “Innovatsion faoliyatni yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi tuzilmasida yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilingan.

Bu yerda laboratoriya asbob-uskunalari, ishlab chiqarish maydonlari va ofis xonalari Ilgʻor texnologiyalar markazi rezidentlariga ijaraga 2 yil muddatga, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda 5 yilgacha uzaytirish huquqi bilan taqdim etiladi.

Tadbirda startaplar ijtimoiy-iqtisodiy muhitning jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi, shu bois bunday kompaniyalarning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun moddiy, infrastrukturaviy va tajriba jihatdan qoʻllab-quvvatlash lozimligi, bunday koʻmakni esa maxsus strukturalar startap akselerator va inkubatorlar yaratib berishi mumkinligi qayd etildi.

Bir yuz oʻttizga yaqin startap vakillari orasida toshkentlik yosh tadbirkor Sheroz Dolimov ham bor. Bugungi tadbir unda katta taassurot qoldirdi.

– Maqsadim mamlakatimiz hududiga import sifatida keladigan oziq-ovqat mahsulotlariga qoʻshiladigan ayrim mahsulotlarni mahalliylashtirishdan iborat, – deydi Sh.Dolimov. – Shuning uchun bugungi tadbir rejalarimni amalga oshishida muhim ahamiyatga ega, deb oʻylayman. Agar shu startap-akseleratorda men bergan arizani tanlashadigan boʻlsa, olti oy davomida turli treninglarda ishtirok etamiz. Bu jarayon bizga kerakli maslahatlarni qoʻlga kiritib, loyihani amalga oshirishga imkon yaratadi.

 

Davron Sunnatov, OʻzA

  15.11.2018, 14:36  |    259 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!