Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Oʻzbekistonda qanday loyihalarni amalga oshirmoqda?

Bu kabi savollarga Toshkentda 15 noyabr kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil qilinadigan matbuot anjumani doirasida javob olish mumkin boʻladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi mamlakatimizda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan loyiha va dasturlarni roʻyobga chiqarib kelmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda kunchiqar mamlakat kapitali ishtirokidagi 7 kompaniya, 17 korxona mashinasozlik, neft-gaz, kimyo, transport logistikasi, turizm kabi sohalarda faoliyat olib bormoqda.
Qayd etish kerak, ikki davlat oʻrtasidagi bu kabi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining hissasi katta.
Soʻnggi yillarda Agentlik tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati”, “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS), “Kichik grantlar dasturi”, “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalari shular jumlasidan.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari texnik hamkorlik loyihasi – “Oʻzbekiston – Yaponiya markazi”, Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, Fizioterapiya sohasidagi qoʻshma loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.

 

Z.Mirzaboyeva, OʻzA